Rossiyada 1-sentabrdan boshlab internet, reklama va taqiqlangan kontentga oid bir qator qonunlar kuchga kirdi.
Internetda ekstremistik deb topilgan materiallarni ataylab qidirish taqiqlanadi. Bunday havolaga o‘tganlik uchun 5000 rublgacha jarima solinadi. Shuningdek, bunday fayllarni qurilmaga yuklab olish ham man etiladi.
Onlayn-kinoteatrlar an’anaviy qadriyatlarga zid bo‘lgan barcha filmlarni olib tashlaydi. Bundan tashqari, agar badiiy g‘oya bilan asoslanmagan yoki tibbiy va farmatsevtika nashrlariga tegishli bo‘lmasa, adabiyot va kinoda taqiqlangan moddalarni tilga olish mumkin emas.
Musiqa sohasida ham taqiqlangan mavzular belgilandi. Ayrim ijrochilar o‘z qo‘shiqlarini platformalardan o‘chirib tashlanishining oldini olish uchun allaqachon ularni qayta yozishni boshladilar.
Qayd etilishicha, bloklangan ijtimoiy tarmoqlarda reklama joylashtirish taqiqlanadi. Ilgari e’lon qilingan reklamalar ham olib tashlanishi kerak.
Jarima miqdori:
- fuqarolar uchun — 2500 rublgacha;
- mansabdor shaxslar uchun — 20 ming rublgacha;
- yuridik shaxslar uchun — 500 ming rublgacha.
VPN xizmatlari reklamasini tarqatish, ulardan foydalanish bo‘yicha qo‘llanmalarni joylashtirish ham taqiqlanadi. Jarima miqdori:
- fuqarolar uchun — 80 ming rublgacha;
- mansabdor shaxslar uchun — 150 ming rublgacha;
- kompaniyalar uchun — 500 ming rublgacha.
Qurilmalarda bo‘lishi shart bo‘lgan narsalar
MAX messenjeri har bir yangi smartfonga oldindan o‘rnatiladi. Xuddi shunday, RuStore ham o‘rnatiladi. Rossiyada sotiladigan yangi gadjetlar Rossiya ilovalar do‘konidan dasturlarni o‘rnatish va yangilash imkoniyatini qo‘llab-quvvatlashi shart.
Boshqa o‘zgarishlar qatorida SIM-karta va shaxsiy hisoblarni begonalarga berganlik uchun 200 ming rublgacha jarima solinishi, shuningdek, banklar sud qarorisiz hisobvaraqlarni bloklashi, aloqa operatorlari esa abonentning aloqasini uzib qo‘yishi mumkin.
Avvalroq Spot Rossiyada migrantlarga ayrim kasblar taqiqlanishi va jarima muddati qisqartirilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.
Shuningdek, politsiya xodimlari jarima to‘lamagan chet ellik haydovchilarning avtomobillarini vaqtincha ushlab turishni ham taklif qilmoqda.