O‘zbekistonda qurilish sohasida yashirin iqtisodiyot 40% dan ortiqni tashkil etadi. Bu haqda 29-avgust kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov hozirda prezidentning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qarori loyihasi idoralararo kelishuvdan o‘tayotganini ma’lum qildi. Qurilish sohasida yashirin iqtisodiyotning eng yuqori ulushlaridan biri qayd etildi.
Yig‘ilishda namoyish etilgan taqdimotga ko‘ra, qurilish sohasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 41% ga — 97 trln so‘mga baholanmoqda. Bunda, yashirilgan soliqlar 1,2 trln so‘mni, talon-toroj qilingan mablag‘lar esa 203 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Qurilish tashkilotlari soni 2023-yildagi 33 mingtadan 2024-yilda 28 mingtaga, tovar aylanmasi 177 trlndan 169 trln so‘mga kamaydi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, ishchilar soni 294 ming, norasmiy bandlar esa 322 ming nafarni tashkil etgan.
Qurilish sohasiga soliq yuki 4,5% ni (2023-yilda — 4%), soliq tushumlari esa 8 trln so‘mni (7 trln so‘m) tashkil etadi. O‘tgan yili 3,2 mlrd so‘mlik imtiyozlar ajratilgan. Shundan 1,8 trln so‘mi soliq, 1,4 trln so‘mi bojxona imtiyozidir. Qurilishga ajratilgan davlat mablag‘lari hajmi 17,7 trln so‘mdan 21,4 trln so‘mga, qurilgan obyektlar soni 1695 tadan 1881 taga oshdi.
2023-yilda 93% holatda (48,5 mingta) uy-joyning kvadrat metri narxi 8 mln so‘mdan past, atigi 1%i (206 ta holatda) 10 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan. 2024-yilda vaziyat biroz yaxshilandi: bitimlarning 17%ida turar joylarni realizatsiya qilish narxi 8 mln so‘mdan ortiqni tashkil etdi, qolgan holatda esa ko‘rsatkich nisbatan past shakllandi — 39% holatda 5 mln so‘mgacha, 44%ida esa 5−8 mln so‘m oralig‘ida.
914 ta obyekt qurilishida ishlar hajmi kamaytirib ko‘rsatilgani sababli budjetga 243 mlrd so‘m tushmagan, o‘z muddatida qurilgan 1,5 mingta obyekt hisobga qo‘yilmagani sababli 200 mlrd so‘m mol-mulk va yer solig‘i hisoblanmagan.
6,3 mingta obyektda 1 nafardan ko‘p bo‘lmagan xodimlar mavjud. Oqibatda bir kishiga bir necha milliard so‘mlik qurilish ishlari to‘g‘ri kelmoqda.
Bundan tashqari, 32,4 mingta obyektda 5,7 trln so‘mlik qurilish materiallari ustav kapitaliga ulushdor sifatida rasmiylashtirilgan holda soliqdan qochish holatlari aniqlangan.
Turar joylarning oldi-sotdisida qiymatni pasaytirib ko‘rsatish oqibatida 126 ming kvadrat metr uy-joy (10 mingta xonadon) har kvadrat metri uchun atigi 1,2 mln so‘mdan ($100 dan kam) rasmiylashtirilgan. Natijada, ana shunday uy-joylardan 1,9 trln so‘m soliq tushumi ta’minlanmagan.
Yaqinda Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vahabov qonuniy tadbirkorlar davlatdan yashirin biznesga qarshi choralarni kuchaytirishni so‘rayotganini aytgandi. Gap shaffoflik mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, halol raqobatni ta’minlash haqida bormoqda.
“Noqonuniy faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uy-joylarni sotishda mijozlarga chegirmalar taklif qilmoqda. Lekin u mahsulot tannarxidan emas, balki budjetga to‘lanishi kerak bo‘lgan soliqlar hisobidan imtiyoz beradi”, — dedi u.
Joriy yilning olti oyida mamlakatda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi 265 trln so‘mdan ortiqqa yetdi. Shundan 75% dan ortig‘i — 201,28 trln so‘mi norasmiy iqtisodiyot hissasiga to‘g‘ri keladi. Tarmoqlar tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi yetakchilik qilmoqda. Unda keyingi o‘rinlarda qurilish (35,9%) va xizmatlar sohasi (35,2%) turibdi. Shuningdek, sanoat tarkibida kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi 10,5% ni tashkil etdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistondagi qurilish maydonchalari 1-sentabrdan boshlab QR-kodli pasportga ega bo‘lishi kerakligi haqida yozgan edi.