AQSH Vakillar palatasining nazorat va hukumat islohoti bo‘yicha qo‘mitasi Wikipediani tekshirishni boshladi. Bu haqda Kod Durova nashri xabar berdi.
Tekshiruv amerikalik soliq to‘lovchilar mablag‘lari hisobidan qo‘llab-quvvatlanadigan akademik muassasalardagi xorijiy xizmatlar va shaxslarning AQShdagi jamoatchilik fikrini shakllantirishga ta’sir o‘tkazish urinishlarini o‘rganish doirasida amalga oshirilmoqda.
Wikipedia platformasini boshqaradigan Wikimedia jamg‘armasi direktori Mariana Iskander kiberxavfsizlik, axborot texnologiyalari va hukumat innovatsiyalari bo‘yicha quyi qo‘mitadan tegishli xat oldi.
Qayd etilishicha, ko‘plab tadqiqotlar va hisobotlarda g‘arb auditoriyasiga qaratilgan targ‘ibot maqsadida ma’lumotlarni manipulyatsiya qilish urinishlari yoritilgan.
Gap “g‘arbga qarshi” kun tartibini ilgari surayotgan mamlakatlarning nomaqbul hikoyalari va agentlari haqidagi ma’lumotlarni ochib beradigan ma’ruzalar haqida bormoqda.
Wikipediadan ko‘ngilli muharrirlar tarkibiga kiruvchi va onlayn ensiklopediya qoidalarini buzgan ayrim foydalanuvchilarning hujjatlari va yozishmalarini oshkor etish talab qilinmoqda.
Shuningdek, qo‘mita a’zolari ushbu qoidabuzarliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish bo‘yicha xizmat amaliyoti, hamda antisemitizm bilan bog‘liq manipulyatsiya yoki tarafkashlik usullari bo‘yicha har qanday tahlil bilan qiziqishdi.
So‘ralgan ma’lumotlar 10-sentabrdan kechiktirmay qo‘mitaga taqdim etilishi kerak. Wikimedia matbuot kotibi qo‘mitadan so‘rov olinganini tasdiqladi va u ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.
“Biz qo‘mita savollariga javob berish va platformamizda ma’lumotlar yaxlitligini ta’minlash muhimligini muhokama qilish imkoniyatidan mamnunmiz”, — deyiladi platforma xabarida.
Wikipedia ko‘pincha Rossiyada siyosiy va ijtimoiy mavzulardagi maqolalarda g‘arbparast qarashlarni targ‘ib qilgani uchun tanqidga uchraydi. Bundan tashqari, onlayn ensiklopediya ko‘pincha Roskomnadzorning taqiqlangan ma’lumotlarga ega maqolalarni olib tashlash talablarini e’tiborsiz qoldiradi.
Avvalroq Spot Wikipedia sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan sharhlarni nashr qilishni to‘xtatishi haqida yozgandi.
Raqamli ensiklopediya tahrirchilari sun’iy intellektni joriy etish g‘oyasini “obro‘ga tahdid soluvchi” deb baholashdi.