Pekinda 2-sentybr kuni Shavkat Mirziyoyev va Xitoy raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

2024-yili tovar ayirboshlash $14 mlrddan oshdi, yil boshidan esa yana 23% ga o‘sdi. Sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish orqali bu ko‘rsatkichni $20 mlrdga yetkazish vazifasi turibdi.

Investitsiya loyihalari portfeli $60 mlrddan ziyodni tashkil etmoqda. 2024-yilda umumiy qiymati $10 mlrddan ortiq 64 ta loyiha ishga tushirilgan.

Tashrif arafasida o‘tkazilgan biznes forumda “yashil” energetika va energiya samaradorligini oshirish, jamoat transportini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, pullik avtomobil yo‘llarini barpo etish, muhim minerallarni chuqur qayta ishlash, shuningdek, kimyo, suv va qishloq xo‘jaligi, turizm va shaharsozlik sohalarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.

Innovatsion loyihalarni ilgari surish va mutaxassislar tayyorlash uchun O‘zbekiston-Xitoy sunʼiy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish taklif qilindi.

Ilm-fan, tibbiyot, taʼlim va turizm sohalaridagi sheriklikni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi. O‘zbekistonda Shimoli-g‘arbiy qishloq va o‘rmon universitetining filiali hamda Xalqaro matematika markazi ochildi. Sian neft universiteti filialini ochish to‘g‘risida Bitim imzolandi. Pekin texnologiya instituti filialini ochish rejalashtirilgan.

2025-yilda O‘zbekistonda ikkinchi Taʼlim forumi o‘tkaziladi. Xitoy tilini o‘rganishni kengaytirish va o‘zbekistonlik yoshlarni o‘qitish uchun kvotalarni ko‘paytirish, Konfutsiy institutlari faoliyatini rivojlantirish qo‘llab-quvvatlandi.

O‘zbekiston hududlarida energetika, mashinasozlik, sunʼiy intellekt, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi sohalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan O‘zbekiston-Xitoy “Lu Ban ustaxonalari"ni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Tashrif doirasida o‘zaro madaniyat markazlarini ochish to‘g‘risida bitim qabul qilinadi.

Avvalroq Xitoy kompaniyasi Sirdaryoda 70 gektar maydonda innovatsion klaster qurishi haqida xabar berilgandi.