Markaziy bank tomonidan bank tizimida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni tahlil qilish yuzasidan anonim so‘rovnoma o‘tkazildi.

Unda mamlakat bo‘ylab ishtirok etgan jami 6 438 nafar respondentning qariyb 50% ini 18−35 yosh, 48,4%ini esa 35−60 yoshdagi fuqarolar tashkil etadi. Ularning qariyb 60% i davlat xizmatchisidir. Yana 26%i — tadbirkor va boshqa faoliyat bilan shug‘ullanuvchi, 8,3%i bank-moliya sohasida ishlaydi.

Ishtirokchilarning 66,1%i asosan bank kartalari bilan bog‘liq xizmatlardan foydalangan. Yana 59,2%i kredit mahsulotlari, 43%i hisob-kitob va to‘lovlar bo‘yicha banklarga murojaat qilgan.

69,5% i respondent xizmatlarning raqamlashtirilganlik holatini “yaxshi” darajada baholgan. Yana 24,3% i “qoniqarli”, deya javob bergan bo‘lsa, 6,2% i yoki 398 nafari “qoniqarsiz"ligini maʼlum qilgan. So‘rovnoma ishtirokchilarining 16,2% i ortiqcha byurokratik to‘siqlarga duch kelgan.

Korrupiya xavfi eng yuqori bo‘lgan xizmat turi kredit mahsulotlari bo‘ldi — ishtirokchilarning qariyb 50% i buni qayd etishgan. Xalqaro pul o‘tkazmalari hamda konversion amaliyotlarda bu ko‘rsatkich kam (4,3%).

5,9% ishtirokchi xodimlar tomonidan korrupsiya harakatlariga duch kelgan. Yana 9,6% respondent esa bank xizmatlaridan foydalanishda “tanish-bilishchilik” qilgan.

440 kishi yoki 8,1% respondent banklarda ishga qabul qilishda korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga uchraganini bildirgan. Shuningdek, 556 kishi yoki 8,6% ishtirokchi ushbu tizimdagi shaffoflikni qoniqarsiz baholagan.

So‘rovnoma ishtirokchilarining 53,5%i bank tizimida korrupsiyaning sodir etilishida asosiy sabab sifatida xodimlarning ish haqi miqdori pastligini bildirgan. Yana 30,9%i buni fuqarolarning moliyaviy savodxonligi bilan izohlagan. 16,9% ishtirokchi esa bank xodimlari harakatlari ustidan nazorat kamligini qayd etgan.

Shuningdek, 11,4% ishtirokchi xodimlarning qo‘pol muomalasiga uchrashganini bildirgan.

Spot avvalroq iqtisodchilar bilan bank bozorida yangi o‘yinchilarning yo‘qligi sabablari va O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun oqibatlari haqida suhbatlashgandi.