avtoraqam.uzex.uz savdo platformasida 2-sentabr kuni o‘tkazilgan onlayn auksionda jami 917 ta avtomobil raqami sotildi. Bu haqda respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.

Avtoraqamlardan 884 tasi jismoniy shaxslar, qolgan 33 tasi esa yuridik shaxslar tomonidan sotib olingan.

Savdo maydonchasida xarid qilingan eng arzon avtoraqam qiymati — 2,1 mln so‘m.

Shuningdek, shu kuni sotilgan eng qimmat “chiroyli” avtoraqam qiymati 482 mln so‘m bo‘ldi.

13-iyun kuni onlayn-auksionda narxi bo‘yicha yangi rekord o‘rnatgan “chiroyli” avtoraqam uchun savdolar yakunlandi. Xaridor — Toshkent viloyatidan bo‘lgan yuridik shaxs 10 777 ZZZ avtomobil raqami uchun 1,56 mlrd so‘m ($122,2 ming) taklif qildi, bu 187,5 mln so‘mlik boshlang‘ich narxdan 8,32 baravar yuqori. Savdolar 9 kun davom etdi.

Undan keyingi yuqori qiymat 1-iyul kungi savdolarda qayd etildi. Shu kuni auksionda “chiroyli” avtomobil raqami 800 mln so‘mdan ortiqqa sotildi.

Avvalroq Navoiyda oltin zaxirasi 6 tonnaga baholangan Temirchi koni 67,78 mlrd so‘mga sotilgani haqida xabar berilgandi. Savdoda bir oy oldin tashkil etilgan 10 mln so‘mlik ustav fondiga ega Zauris kompaniyasi g‘olib bo‘ldi.