Avvalroq qurilish sohasidagi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkor Usmonjon Abdusamatov qurilish sohasida asossiz rad etishlar mavjudligi va korrupsiyaviy holatlar haqida so‘z yuritgani haqida xabar berilgandi. U sohadagi korrupsion sxemalar haqida so‘zlab, $500 minglik uy qurishda $20 mingdan $100 minggacha pora berish kerakligini qayd etdi. Toshkentda har bir obyektga o‘rtacha $200 ming “qo‘shimcha xarajat” sarflanadi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ushbu masalani o‘rganib chiqib rasmiy bayonot berdi. Vazirlik qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar belgilangan tartibda elektron tarzda amalga oshirilishini, qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi mumkin emasligini qayd etdi.
Jismoniy va yuridik shaxslar shaharsozlik hujjatlarini faqat Yagona portal (my.gov.uz) hamda Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborishlari mumkin. “Bu jarayonlarda jismoniy yoki yuridik shaxs hamda vakolatli organ vakili o‘rtasida o‘zaro muloqotga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyiladi xabarda.
Qurilish vazirligi sohadagi byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, inson omilini minimallashtirish va korrupsiyaviy holatlarni oldini olish maqsadida “qator islohotlar amalga oshirilib”, bu jarayon davom etirilayotganini qayd etdi.
Xususan, obyekt qurilishiga oid ruxsatnoma olishdan tortib, foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar vazirlikning Shaffof qurilish tizimi orqali to‘liq nazorat qilib boriladi. Jarayonlar hukumatning 2022-yil 20-apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentlar asosida aniq tartibga solingan.
Vazirlik qurilish sohasida davlat xizmatlarini raqamlashtirish bosqichma-bosqich joriy etilayotganini bildirdi. Bu shaffoflikni ta’minlash, ortiqcha ovoragarchilikni bartaraf etish hamda tadbirkorlar va aholi uchun qulayliklar yaratishi kutilmoqda.
Prezidentning 2023-yil 26-iyuldagi va hukumatning 2024-yil 25-martdagi tegishli qarorlari bilan Toshkent shahrida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmasini yaratish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida yig‘im joriy etilgan. Bu quriladigan yoki rekonstruksiya qilinadigan obyektlarda jami qurilish hajmining har bir kub metri uchun BHMning bir baravarini tashkil etadi.
Yig‘im to‘liq hajmda Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi. Bundan budjet tizimi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar, yakka tartibdagi uy-joylar hamda nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari mustasno.
Qurilish vazirligi qurilish bilan bog‘liq korrupsiyaviy holatlarga duch kelgan tadbirkorlar va fuqarolar vazirlik hamda uning hududiy tuzilmalarida tashkil qilingan komplayens bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkinligini qayd etdi.
Murojaatlar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining +99871−210−11−04 (1066) telefoni, 1298 qisqa raqami info@mc.uz elektron pochta manzili orqali qabul qilinadi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi murojaatlarni alohida komplayens@mc.uz manziliga yoki @QurilishKomplayensbot Telegram-botiga jo‘natish mumkin.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi sohada shaffoflik, qonuniylik va ochiqlikni ta’minlashni ustuvor vazifasi sifatida belgilab olganini qayd etib, yuzaga kelayotgan barcha savollarga javob berishda “hamisha ochiq ekani"ni ta’kidlagan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda uy-joyni QQS bilan sotib olishda keshbek joriy etilishi mumkinligi haqida yozgandi.