O‘zbekistonda qurilishga ruxsat berishni asossiz rad etganlik uchun javobgarlik kiritish taklifi ilgari surildi. Bu haqda 29-avgust kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
O‘zini tanishtirmagan quruvchi-tadbirkorning ta’kidlashicha, qurilish sohasidagi yashirin iqtisodiyot yer uchastkasini xarid qilish paytidan boshlanadi.
“Mana, yer sotib oldik. Keyin [qurilish uchun] ruxsatnoma olish kerak. Buning uchun ariza topshiramiz — rad etiladi, yana topshiramiz — yana rad qilinadi. Ularning manziliga borib, „assalomu alaykum“ deb qo‘lingizni cho‘zmaguncha shu holat davom etaveradi,” — dedi u qo‘li bilan pul uzatish ishorasini ko‘rsatib.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, bunday amaliyotlar qurilish kompaniyalarining xarajatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri oshiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, $500 minglik uyni qurishda $20 mingdan $100 minggacha bo‘lgan miqdorda bir nechta pora berishga to‘g‘ri keladi.
U yechim sifatida asossiz rad etishlar uchun javobgarlik kiritishni taklif qildi. “Nima uchun ariza besh marta rad etildi-yu, oltinchisida ma’qullandi — axir kompaniya va hujjatlar o‘sha-o‘sha-ku?” — deb ta’kidladi tadbirkor.
Bundan tashqari, quruvchi kadastr organlari tomonidan hujjatlarni hududiy arxitektura va qurilish boshqarmalariga yuborishda yuzaga keladigan “katta muammolar” haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘n martadan rad etilgan arizalari bor.
“Bu jarayonda Toshkentdagi har bir uyga o‘rtacha $200 ming, Toshkent viloyatida esa $100 mingga yaqin „xarajat“ to‘g‘ri keladi (bu yerda pora nazarda tutilmoqda — Spot izohi). Biz bu summalarni soliq sifatida mamnuniyat bilan to‘lashga tayyormiz. Keling, ochiq-oydin ishlaymiz. Ruxsatnoma beruvchilarga nisbatan javobgarlik choralarini joriy etish kerak. Chunki, oxir-oqibat arizalar baribir tasdiqlanadi”, — deya ta’kidladi u.
Iyul oyida Toshkent hokimligi 59 ta noqonuniy obyektda qurilish ishlari to‘xtatilgani haqida xabar bergan edi. Eng ko‘p noqonuniy qurilishlar Yangihayot tumanida aniqlangan. Kuchli uchlikka Mirobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlari ham kirgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda uy-joyni QQS bilan sotib olishda keshbek joriy etilishi mumkinligi haqida yozgandi.