Qozog‘iston bilan chegaradagi Dovut ota chegara posti yil oxirigacha yopiladi. Bu haqda Qozog‘iston Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasiga tayanib, O‘zbekiston bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, joriy yilning fevral oyidan Qozog‘istonning Tajen chegara bojxona postiga tutash O‘zbekistonning Dovut ota chegara o‘tkazish punkti orqali jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari harakati bo‘yicha kiritilgan cheklovlar 2025-yilning 31-dekabriga qadar uzaytirildi.

Bu mazkur o‘tkazish punktlarida ikkinchi bosqich qurilish ishlari, xususan, ma’muriy binolarda kapital ta’mirlash hamda yo‘l qoplamalarida betonlash ishlari olib borilayotganligi sababli Qozog‘iston tomonidan jismoniy shaxslar va avtomobillarning xavfsizligini ta’minlash, qurilish va rekonstruksiya ishlarini tezlashtirish maqsadida joriy etilmoqda.

Qo‘mitaning qayd etishicha, ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari Tajen — Dovut ota chegara punkti orqali harakatni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, jismoniy shaxslar uchun Qoraqalpog‘iston temir yo‘l o‘tkazish punkti orqali Nukus-Beyneu yo‘nalishida qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu o‘tkazish punkti orqali harakatlanish dastlab 3 oyga to‘xtatilgandi. Biroq, may oyiga kelib Tajen — Dovut ota chegara punkti yana to‘rt oyga yopildi. Tajen nazorat-o‘tkazish punktida davom etayotgan ishlar sababli Qozog‘iston tomoni cheklovni 1-sentabrgacha uzaytirishni taklif qilgan. O‘zbekiston tomoni buni ma’qullagan.

Iyun oyida Dovut ota chegara posti rekonstruksiyasining ikkinchi bosqichi boshlandi. Qurilish bo‘yicha mas’ullarga birinchi bosqich doirasida aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish topshirig‘i berildi.

2024-yilning kuzida ushbu postda yangi bojxona terminali ochilgandi. Uning maydoni 6 gektarni tashkil etib, uning ishga tushirilishi natijasida 350 tagacha yuk avtomobilini joylashtirish mumkin bo‘ladi.

Dekabr oyida Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida 2025-yilda G‘ishtko‘prik, Navoiy, Dovut-ota, Shovot va Gulbahor postlarida qo‘shimcha koridorlar qurilib, o‘tkazish quvvati 5 karra oshirilishi ma’lum qilindi.

Yanvar oyida prezident huzurida o‘tkazilgan transport-logistika tizimini rivojlantirishga qaratilgan taqdimotda transport vaziri Ilhom Mahkamov nazorat-o‘tkazish punktlari kengaytirilishini, elektron navbat va onlayn kuzatuv tizimlari joriy etilishini qayd etdi.

Avvalroq Farg‘onada bojxona posti boshlig‘i $5 ming pora bilan ushlangani haqida xabar berilgandi. Mansabdor shaxs 80 dona iPhone 16 ni postdan noqonuniy o‘tkazib berish evaziga $5 ming va 1 dona iPhone 16 Pro talab qilgan. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.