Davlat dumasi deputatlari Ichki ishlar vazirligi rahbari Vladimir Kolokolsevga migrantlarga Max milliy messenjerini o‘rnatish va Rossiyada bo‘lish davrida undan foydalanish majburiyatini yuklash taklifi bilan murojaat yo‘lladi, deya xabar bermoqda RIA Novosti.
Parlament a’zolari chet el fuqarolariga nisbatan bunday talabni qonun yo‘li bilan mustahkamlash zarur deb hisoblaydilar.
Tashabbus mualliflarining fikricha, Max tizimining davlat platformalari bilan integratsiyasi migratsiya jarayonlari ustidan nazoratni kuchaytirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, bu migrantlar, davlat idoralari va ish beruvchilar o‘rtasida yagona va xavfsiz raqamli aloqa kanalini yaratadi.
Shuningdek, xorijiy messenjerlardan g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanish xavfini kamaytiradi, deya ta’kidlanadi Davlat dumasi xabarida.
Max messenjeri
Max — bu 2025 yil mart oyida VK kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Rossiyaning milliy muloqot va “super-ilova” (superapp) platformasi. Unda matnli va ovozli chatlar, video qo‘ng‘iroqlar, fayl almashish (4 GB gacha), chat-botlar, mini-ilovalar va GigaChat 2.0 AI-assistent kabi funksiyalar mavjud. Undan shuningdek Rossiya tez to‘lov tizimi (SBP) orqali pul o‘tkazish amalga oshiriladi.
1-sentabrdan boshlab Rossiyada sotiladigan barcha yangi smartfon va planshetlarga Max oldindan o‘rnatilishi majburiy qilindi.
Ilova orqali fuqarolar “Gosuslugi” (Davlat xizmatlari) portali orqali elektron identifikatsiya, imzo, to‘lovlarni amalga oshirish, hujjat imzolash kabi xizmatlar bilan bog‘lanish imkoniga ega bo‘ladi. Hukumat muassasalari va ta’lim muassasalari chatlarini MAX’ga ko‘chirish choralarini ko‘rmoqda.
Avvalroq Spot 1-sentabrdan Moskva va Moskva viloyatida migrantlarga Amina ilovasini o‘rnatish majburiy bo‘lishi haqida yozgandi.
Xizmat yashash manzilini nazorat qilish maqsadida geolokatsiya ma’lumotlarini Rossiya Ichki ishlar vazirligiga yuboradi.