O‘zbekistonda bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan avtomobillarni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlanishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan Bojxona kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasida nazarda tutilgan.

Qonun loyihasi bojxona nazorati ostidagi tovarlarni soliq qonunchilik talablarini bajarmagan holda rasmiylashtirish bilan bog‘liq holatlarning oldini olishga qaratilgan. Unga ko‘ra, loyiha bilan Bojxona kodeksining 96-moddasiga o‘zgartirish kiritish rejalashtirilmoqda.

Xususan, Vazirlar Mahkamasi bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni boshqa shaxsga o‘tkazilishi taqiqlangan ayrim tovarlarni va holatlarni belgilashi mumkin.

Taʼkidlanishicha, ushbu loyiha bosh vazirning joriy yil 6-maydagi 1725-son topshirig‘iga asosan ishlab chiqilgan. Unda bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni boshqa shaxsga o‘tkazish bo‘yicha tartibotlarni yengil avtotransport vositlariga qo‘llamaslik bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar joriy yilning 10-sentabrigacha qabul qilinadi.

O‘zbekistonda ayrim tovarlar uchun ikki baravar import bojini qo‘llash bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.

Spot, avvalroq, 70 turdagi tovarlarning bojxona qiymati va miqdori nazorat qilinishi haqida yozgandi.