Yevropa Ittifoqi sudi USM xoldingi asoschisi Alisher Usmonovning Yevropa sanksiyalarini bekor qilish haqidagi da’vosini yana rad etdi. Qaror Yevropa Ittifoqi sudlari bazasida e’lon qilindi.
Oxirgi marta sud Usmonovning da’vosini 2024-yil fevral oyida rad etgan. O‘shanda Usmonov tomoni sudda dalil sifatida sanksiyalarni joriy etish sabablari yetarli emasligini, ular uchun asoslar juda noaniq ekanligini va uni ro‘yxatga kiritishning aniq sabablarini aniqlashga imkon bermasligini ta’kidlagan.
Xususan, YI kengashi Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishda Forbes maqolasidan iqtibos keltirgan. 2024-yil yanvarida Gamburg sudi nashrning Usmonov haqidagi iborasini obro‘sizlantirish deb baholagan edi.
Usmonov bu safar ham sanksiyalarga qarshi oltita asosni keltirdi. Bular orasida yetarli dalillarning yo‘qligi, sabablarni bayon qilish va samarali sud himoyasi huquqining buzilishi, teng munosabat va kamsitmaslik tamoyillariga rioya qilmaslik, mutanosiblik tamoyilining buzilishi, shuningdek, mulk huquqi, shaxsiy hayot daxlsizligi va fikr bildirish erkinligiga bo‘lgan huquqlarning poymol etilishi kabi asoslar bor edi.
Sud arizachining dalillarini rad etdi. Xususan, Yevropa Ittifoqi Kengashi Usmonovning Kommersant gazetasi egasi sifatida fikr bildirish erkinligi buzilganligi haqidagi dalilni “samarasiz” deb topib, uni rad etdi.
Shuningdek, Kengash Rossiya hukumati va yetakchi tadbirkorlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik munosabatlari mavjudligini isbotlovchi dalillarni taqdim etishga majbur emasligini ta’kidladi.
Usmonovning Yevropa Ittifoqi Kengashi ikkilamchi ma’lumotlarga tayanganiga oid shikoyatini sud rad etdi va birlamchi hujjatlar doim ham Kengash uchun ochiq bo‘lmasligi mumkinligini eslatib o‘tdi.
“Yuqorida bayon etilgan barcha holatlardan kelib chiqib, da’voni rad etish lozim”, deya xulosa qildi Yevropa Ittifoqi sudi.
Yevropa Ittifoqi unga nisbatan 2022-yil 28-fevralda sanksiyalar joriy etdi, o‘sha yilning 3-martida AQSh va Buyuk Britaniya, 11-martda esa Kanada tadbirkorga qarshi cheklovlar e’lon qildi. Aprel oyida Gamburg portida Usmonovga tegishli deb taxmin qilingan 156 metr uzunlikdagi Dilbar yaxtasi ushlab qolingani haqida xabar tarqaldi.
Shundan so‘ng, biznesmen Germaniyada ko‘chmas mulk va boshqa mol-mulkka egalik qilish to‘g‘risidagi soxta ma’lumotlar tufayli soliqlardan bo‘yin tovlashda ayblanib, tergov obyektiga aylandi. Advokatlarning ta’kidlashicha, bu ayblovlar asossizdir.
2022-yilning iyulida Usmonov USM kompaniyalarining bankrot bo‘lish xavfini keltirib, YeI sanksiyalariga sud orqali eʼtiroz bildirishga uringani maʼlum bo‘ldi. Sentabr oyida Vengriya rasmiylari tadbirkorni sanksiyalar ro‘yxatidan olib tashlashni talab qilgan, biroq tez orada o‘z talabini qaytarib olgan.
Biroz vaqt o‘tgach, YeI milliarderning singlisi Saodat Nurzievaga nisbatan cheklovlarni olib tashladi. Noyabr oyida OAVda O‘zbekiston hukumati Usmonovga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni so‘rab YeIga murojaat qilgani va unga huquqiy yordam taklif qilgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Usmonov 2023-yil avgustida Germaniya Federal Konstitutsiyaviy sudiga 2022-yil kuzida Bremen portida Dilbar superyaxtasida tintuv o‘tkazilgani munosabati bilan da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Biroq, sud tadbirkorning da’vosini qabul qilmadi.
Noyabr oyida Frankfurt-Mayn sudi o‘tgan yilning kuzida musodara qilingan hujjatlar va mol-mulkni USM xoldingi asoschisiga qaytarishni buyurdi.