O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish tajribasi asosida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.

Taʼkidlanishicha, Lyu Szyuven va Szou Deven tomonidan ishlab chiqilgan “Xitoy modeli” bo‘yicha 32 ta yo‘nalishdan iborat tadqiqot mamlakatda 2025-yildan amalga oshirilayotgan kambag‘allikka qarshi chora-tadbirlar uchun asos bo‘lmoqda.

Jumladan, Xitoyning Inshan tumanida qo‘llanilgan “Kompaniya — kooperativ — ferma” modeli asosida ijaraga berilgan yerlarda jami 492 ta kooperativ tashkil etiladi. Aʼzolariga o‘z xo‘jaliklarini rivojlantirish va kooperativlar ustav kapitaliga ulush kiritish uchun 10 baravarlik eng kam ish haqi miqdorida subsidiyalar ajratiladi.

O‘zbekistonning 30 ta tumanida baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik kabi sohalarda loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan (Shangan tajribasi), unga 4 mingga yaqin uy xo‘jaligi jalb etiladi.

Fupin modeli doirasida 10 mingdan ortiq kam taʼminlangan oilalar ishtirokida 20 ming gektar o‘rmonzorda maxsus o‘simlik yetishtirish boshlandi. Yerlar “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida ijaraga beriladi.

Xitoyning Venchuan tumani tajribasi bilan mamlakatda brussonetiyani yetishtirish va qayta ishlash pilot loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 20 kg urug‘ va 30 ming ko‘chat xarid qilinib, 100 gektarda ekin maydonlarini yaratish boshlandi.

Sanszyanyuan milliy bog‘ida amalga oshirilgan loyihaga o‘xshash model asosida daraxt ekish bilan shug‘ullanayotgan kam taʼminlangan oilalar uchun subsidiyalar tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Mablag‘lar “Ekofaol fuqaro” platformasi maʼlumotlari asosida beriladi.

Bunda kam taʼminlangan oilalar tomonidan ekiladigan har 100 ta daraxt uchun BHMning bir baravari miqdorida (412 ming so‘m) subsidiya ajratiladi. 1 gektar maydon ularga 5−6 yil muddatga ijaraga beriladi.

Xuamao tajribasi 53 ta mahallada turizmni rivojlantirish uchun qo‘llanilib, bu 1300 nafardan ziyod odamning bandligini taʼminladi va yiliga 2,5 mln turistni jalb etishga qaratilgan.

Shuningdek, Tyanchjen misolida 300 ta mahallada jami 107,8 MVt quvvatga ega murakkab hududlarda quyosh elektr stansiyalari o‘rnatilmoqda.

bandlik, iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, kambag'allik, kambag‘allikni qisqartirish, xitoy

Ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan 5 ming nafar yoshlar intensiv IT-kurslarda taʼlim olmoqda (Lunnan tajribasi), bepul internet bilan taʼminlanmoqda, pochta bo‘limlarida onlayn savdoni qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etilmoqda, marketpleyslar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.

O‘zbekistonning yuqori kambag‘allik darajasiga ega 28 tumanida texnikumlar (Loshan tajribasi) tashkil etildi. Ular ehtiyojmand oilalar farzandlarini bepul qabul qilmoqda, tadbirkorlik va kasbiy ko‘nikmalar bo‘yicha taʼlim berib, 2300 nafardan ziyod talabani o‘qitmoqda.

Bundan tashqari, aholining kam taʼminlangan qatlamlari uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish dasturi (Szibo tajribasi) boshlandi. Yaqin vaqt ichida 140 mingta kam taʼminlangan oila — taxminan 700 ming nafar kishini tibbiy xizmat bilan taʼminlash rejalashtirilgan.

1,5 mln nafar fuqaroni kam taʼminlangan oilalar reyestriga kiritilib, ularga tibbiy ko‘rikdan o‘tish va individual sog‘lomlashtirish rejalari qabul qilinadi. Aholi yashash joylarida 80 ming kam taʼminlangan oilani qamrab oladigan 10 mingta qo‘shimcha uyma-uy tibbiy xizmat ko‘rsatish punktlarini tashkil etiladi.

Shuningde, ushbu qatlam uchun davlat kafolati ostida tibbiy xizmat ko‘rsatish dasturi doirasida bepul diagnostika va davolash bilan taʼminlash ko‘zda tutilgan.

Spot, avvalroq, Shavkat Mirziyoyev va Xitoy raisi Si Szinpinning muzokaralar yakunida qanday hujjatlar imzolangani haqida yozgandi.