Senatorlar “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida"gi qonunni rad etdi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonunda davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari manbalari, sug‘urta badali stavkasi, sug‘urta badallarini to‘lovchilar, davlat ijtimoiy sug‘urtasi moliyaviy barqarorligining davlat kafolatlari, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va amalga oshirish kabi masalalar nazarda tutilgan.

Senatorlar ushbu qonunning ayrim normalarini qayta ko‘rib chiqish va qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish lozimligini bildirdi. Taʼkidlanishicha, unda mas’ul organning vakolatlari va vazifalari ochib berilmagan.

Shuningdek, senatorlar qonunda o‘ndan ortiq havolaki normalar mavjudligiga urg‘u berdi. Bu, o‘z navbatida, qonunning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishiga salbiy taʼsir ko‘rsatishiga olib keladi.

Bundan tashqari, qonunda uning qabul qilinishi natijasida amaldagi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish masalasi nazarda tutilmagan. Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan rad etildi.

Joriy yilning may oyida O‘zbekistonda milliy qayta sug‘urta kompaniyasi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.

Spot, avvalroq, 2026-yildan majburiy avtosug‘urta summasi ikki baravarga oshib, 80 mln so‘mni tashkil etishi haqida yozgandi.