O‘zbekistondagi mobil aloqa operatorlar abonentlar mablag‘ini ular roziligisiz yechib olmoqda. Bu haqda Senatning navbatdagi majlisida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov maʼlum qildi.
Uning qayd etishicha, qo‘mita pullik SMS va xizmatlarga avtomatik tarzda ulanishlarning kelib chiqish sabablari va bunga shart-sharoit yaratayotgan omillarni o‘rganib chiqqanini aytdi.
Taʼkidlanishicha, 2025-yil 1-yanvar holatiga mobil aloqa abonentlari soni 36 mln nafardan ortgan. Ularga yuqorida qayd etilgan pullik xizmatlar mobil aloqa operatorlari tomonidan emas, balki kontent provayderlar tomonidan ko‘rsatiladi va ularning soni hozirda 100 dan oshib ketgan.
“Aksariyat kontent provayderlarning xizmatlari telekommunikatsiya kompaniyalari bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalariga asosan ko‘rsatilmoqda. Biroq, amalda bu shartnomalar uchun haq abonentning telefon raqamidagi hisob raqamidan uning roziligisiz yechiladi. Eng qizig‘i, bir marotaba xizmatga ulanib qolgan abonentdan har kunlik, har oylik mablag‘lar asosiy hisobdan yechib olinmoqda”, — deydi Qutbiddin Burxonov.
O‘rganish natijasida kontent xizmatiga ulanish juda oson, xizmatni bekor qilish juda murakkab jarayon bo‘lib qolayotgani maʼlum bo‘lgan.
Senatorning aytishicha, hozirda foydalanuvchilarga kontent provayderlari tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar yo‘nalishini tartibga soluvchi alohida normativ-huquqiy hujjat mavjud emas. Shu bilan birga, mobil aloqa abonentlariga beriladigan litsenziya talab va shartlarida ham kontent provayderlar uchun alohida band kiritilmagan.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga 2024-yilda isteʼmolchilardan mobil aloqa xizmatlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan 1 199 murojaat kelib tushgan. Ularni ko‘rib chiqish natijasida isteʼmolchilar foydasiga 683,2 mln so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.
“Endi savol tug‘iladi, huquqiy bo‘shliqlar yoki boshqa sabablar oqibatida odamlar ko‘rayotgan zararlar uchun kim javob berishi kerak? Bizningcha, bu muammoga hukumat darajasida yechim topish lozim. Aks holda, go‘yoki arzimasdek tuyulgan, ammo, fuqarolarning milliardlab so‘m pulini ularning ixtiyorisiz ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun so‘ramay-netmay olib qo‘yaverish katta muammoga aylanib, qonunbuzarliklarga yana-da keng yo‘l ochadi. Chunki, bunday muammolar aholining kayfiyatiga salbiy taʼsir qiladi”, — deydi Burxonov.
Senator normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqishda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi ham mutasaddilar bilan birga ishlashga tayyor ekanini bildirdi.
Joriy yilning may oyida Ucell uyali aloqa operatorining ommaviy ofertasi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilgandi. Mobiuz Raqobat qo‘mitasi ko‘rsatmasi bilan tarifni o‘zgartirish bilan bog‘liq cheklovni olib tashladi.
Iyun oyida Raqobat qo‘mitasi Beeline‘ga tarif shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Keyinroq Beeline bu ko‘rsatmani bajarib, foydalanuvchilar kunlik abonent to‘lovi yechish xizmatini o‘zlari boshqara olishi mumkin bo‘ldi.
Avvalroq Mobiuz sotuviga 15 ta mahalliy va xorijiy kompaniya qiziqish bildirgani haqida xabar berilgandi. Bular qatorida AQSh, Yevropa, Yaqin Sharq, Kavkazorti, Sharqiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari kompaniyalari mavjud.