Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi yillarda bu soha tarkibiy jihatdan isloh qilinib, samaradorlikni oshirish choralari ko‘rildi. Paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, oziq-ovqat mahsulotlari uchun ajratildi. 160 ming gektar yangi bog‘ va tokzor barpo etildi. $1 mlrdlik 1 500 ta oziq-ovqat loyihasi ishga tushirildi.

Lekin qishloq xo‘jaligida hamon yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori ekanligi qayd etildi. Yetishtirilgan mahsulotning hammasi ham hisobotlarda qayd etilmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i 12% ni tashkil etmoqda.

Mazkur masala prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ham ko‘tarilgan edi. Davlat rahbari bu borada dehqon va fermerlarga qulaylik yaratish, soliq yukini yengillashtirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma bergandi.

Shunga muvofiq, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, malakali xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida qishloq xo‘jaligini “soya"dan chiqarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab, qishloq xo‘jaligi korxonalari dehqon va fermerlarga o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini (g‘alla va paxtadan tashqari) sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkada bo‘ladi.

Shu bilan birga, mahsulotni yetishtirishda urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport, elektr kabi xarajatlar uchun hisobga olingan QQSni qaytarib berish amaliyoti ham saqlanib qoladi. Natijada fermer va dehqonlar ixtiyorida yiliga 300 mlrd so‘m mablag‘ qoladi, yana 400 mlrd so‘mlik soliqni qaytarib olish imkoniyati bo‘ladi.

Bu yengilliklar soha vakillarining shaffof ishlashiga turtki berishi, joylarda yirik sanoatlashgan plantatsiyalar va qayta ishlash korxonalarining ko‘payishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Mutasaddilarga bu yangi tizimni dehqon va fermerlarga tushuntirib, samarali yo‘lga qo‘yish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda QQSga o‘tgan tadbirkorlar bir yilga foyda solig‘idan ozod etilishi haqida yozgandi. 2026-yildan sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy hisoblanadi. Bu tartib buzilsa, tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.