Avvalroq qurilish sohasidagi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkor Usmonjon Abdusamatov qurilish sohasida asossiz rad etishlar mavjudligi va korrupsiyaviy holatlar haqida so‘z yuritgani haqida xabar berilgandi. U sohadagi korrupsion sxemalar haqida so‘zlab, $500 minglik uy qurishda $20 mingdan $100 minggacha pora berish kerakligini qayd etdi. Toshkentda har bir obyektga o‘rtacha $200 ming “qo‘shimcha xarajat” sarflanadi.

Kadastr agentligi matbuot xizmati ushbu masala yuzasidan izoh berdi.

Taʼkidlanishicha, tadbirkor tilga olgan qurilish uchun ruxsatnoma berish ishlarida kadastr idoralari ishtirok etmaydi. Agentlik fuqaro baʼzi jarayonlarni chalkashtirayotganini bildirdi.

“Tadbirkor yer sotib olgandan so‘ng kadastr idoralari faqat yerga bo‘lgan huquqini ikki ish kunida ro‘yxatdan o‘tkazib beradi va bu ruxsatnoma berish jarayoni emas”, deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, kadastr idoralari barcha qurilish ishlari tugallanganidan so‘ng ko‘chmas mulkni o‘lchab, kadastr pasportini shakllantirib beradi.

Shuningdek, tegishli tashkilotlar tomonidan foydalanishga ruxsatnoma berilganidan so‘nggina ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi.

Agentlik korrupsiya holatlarini keskin qoralashini va tizimda shaffoflikni taʼminlash uchun qatʼiy choralar ko‘rib kelayotganini bildirdi.

“Tadbirkorlar va fuqarolardan turli ayblovlar bilan jamoatchilikni chalg‘itmasdan, agar korrupsiya holatiga duch kelsalar, darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlarini so‘raymiz”, deyiladi agentlik munosabatida.

Bundan avval Qurilish vazirligi ham mazkur holat bo‘yicha munosabat bergan edi. Xususan, vazirlik tadbirkor Usmonjon Abdusamatov bildirgan fikr-mulohazalari yuzasidan rasmiy bayonot berib, qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar elektron tarzda amalga oshirilishini, qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi mumkin emasligini qayd etgan.

Vazirlik qurilish bilan bog‘liq korrupsiyaviy holatlarga duch kelgan tadbirkorlar va fuqarolar vazirlik hamda uning hududiy tuzilmalarida tashkil qilingan komplayens bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkinligini qayd etdi.

Murojaatlar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining +99871−210−11−04 (1066) telefoni, 1298 qisqa raqami info@mc.uz elektron pochta manzili orqali qabul qilinadi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi murojaatlarni alohida komplayens@mc.uz manziliga yoki @QurilishKomplayensbot Telegram-botiga jo‘natish mumkin.