IT Park Uzbekistan Clash of Startups startap loyihalari tanloviga arizalar qabuli boshlanganini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, tanlovda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlaridan loyihalar ishtirok etishi mumkin.

Tadbir IT Park Ventures jamg‘armasi va U-Enter markazi tomonidan Activat VC bilan hamkorlikda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi (ICT Week) doirasida tashkil etilmoqda.

Startap yaratuvchilari tanlovda o‘z loyihalarini investorlar va ekspertlarga taqdim etib, sovrinlar uchun kurashishlari mumkin bo‘ladi.

Tanlov ishtirokchilariga ekspertlar hay’ati tomonidan o‘z g‘oyalari yuzasidan professional fikr-mulohazalar beriladi. Bundan tashqari, ular potensial hamkorlar, ekotizimlar va korporatsiyalar bilan aloqa o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Clash of Startups mukofot jamg‘armasi $50 mingni tashkil etadi. Tanlov g‘olibi $25 ming, ikkinchi va uchinchi o‘rin egalari mos ravishda $15 ming va $10 ming miqdorida pul mukofotiga ega bo‘lishadi.

Tanlovda minimal hayotiy mahsulot (MVP) yoki ishchi prototip bosqichidagi loyihasi mavjud 2 va undan ortiq a’zodan iborat jamoalar ishtirok etishi mumkin. Moliyaviy model va rivojlanish strategiyasi, shuningdek, dastlabki daromad ($5000 gacha) va xalqaro salohiyatga ega bo‘lish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Taqdimot ingliz tilida, PPT yoki PDF formatida tayyorlanishi lozim. Tanlov 26-sentabr kuni soat 10:00 dan 13:00 gacha U-Enter markazida o‘tkaziladi.

Tanlovda ishtirok etish uchun so‘rovnomani 17-sentabrdan kechiktirmay havola orqali to‘ldirish mumkin. Saralash natijalari 21-sentabrdan keyin ma’lum bo‘ladi.


Avvalroq Spot PizzaPitch Women ayollar startaplari tanloviga ro‘yxatdan o‘tish boshlangani haqida yozgandi.