Kapital Depozit investitsiya kompaniyasi direktori Farrux Xo‘jayev O‘zbekistonda bank omonatlari kapital bozorining asosiy raqobatchisi ekanini aytdi. U bu haqda 4-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston kapital bozoriga bag‘ishlangan Cbonds-Congress VII xalqaro anjumanida maʼlum qildi.
U Istiqbolli loyihalar milliy agentligining pozitsiyasiga qo‘shilib, korporativ obligatsiyalarga urg‘u berishga chaqirdi va aksiyalar bozori keyinchalik rivojlanishini ta’kidladi.
“Bizning asosiy raqobatchimiz, menimcha, bank depozitlari bozori. Uzoq vaqt davomida bizda depozit stavkalari juda yuqori edi, ayniqsa jismoniy shaxslar uchun. Davlat tomonidan omonatlarning to‘liq kafolati mavjud edi. Raqobatlashish esa imkonsiz bo‘lgan. Hozir omonatlar bo‘yicha stavkalar sezilarli darajada pasaygan. Kafolat 200 mln so‘mgacha cheklangan — bu taxminan $16 ming. Va imkoniyat paydo bo‘ldi”, — dedi Kap Depo direktori.
Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, bu vaqt ichida banklar texnologik jihatdan kapital bozori ishtirokchilaridan ilgarilab ketgan. Masalan, mijozlarda onlayn omonat ochish yoki kredit olish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Xo‘jayev kamida 10% omonatchini korporativ obligatsiyalar bozoriga jalb qilish uchun “omonatdan farq qilmaydigan, sodda va tushunarli vosita” zarurligini qayd etdi.
Kapital Depozit investitsiya kompaniyasi direktori bunday mahsulot yuqori daromad, shaffof emitentlar, asosiy likvidlik hamda bank ilovalaridan qolishmaydigan qulay mobil xizmatlarga ega bo‘lishi kerakligini bildirdi.
Shuningdek, u o‘tgan yili o‘tkazilgan xalq IPOsi ni eslab, shu tajribadan kelib chiqib “xalq obligatsiyalari"ni joriy etishni taklif qildi. Uning fikricha, bunday loyihani ILMA va Investitsiya institutlarining milliy assotsiatsiyasi (NAII) amalga oshirishi mumkin.
“Bozorning yetilishini kutish shart emas. Mavjud imkoniyatlar bilan ishlash va investor ehtiyojlariga moslashish kerak”, — deydi Farrux Xo‘jayev.
Avvalroq ILMA qimmatli qog‘ozlar bozoridagi huquqbuzarliklarni tekshirish uchun javobgar bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Agentlik qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatma berishi, litsenziyani to‘xtatib turishi yoki ishni sudga oshirishi mumkin.