Spot avvalroq 2026-yildan O‘zbekistonda fermerlar va dehqonlar uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga QQS bekor qilinishi haqida xabar bergandi. Imtiyoz paxta va g‘alladan tashqari sotilgan meva-sabzavot, go‘sht, sut, tuxum va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga tatbiq etiladi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida paxta va g‘alladan tashqari barcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari QQS to‘lashdan ozod etilishini qayd etdi.
“Agar bizda 100 mingdan ortiq fermer bo‘lsa, ularning 48 mingdan ortig‘i ushbu yengillikdan to‘g‘ridan to‘g‘ri manfaat ko‘radi. Bu ularning soliq yukini kamaytiradi”, — dedi u.
Prognozga ko‘ra, rentabellik darajasi hozirgi 5−7% ko‘rsatkichdan 15% ga yetishi mumkin. Shuningdek, “soya"dagi iqtisodiyot ham kamayadi, chunki kichik bog‘lar sanoat parklari bilan raqobatlasha olmaydi, bu esa ularning eksport imkoniyatlarini cheklab qo‘ygan.
Ibrohim Abdurahmonov fermer va dehqonlar ixtiyorida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga yo‘naltirishi mumkin bo‘lgan salmoqli aylanma mablag‘ qolishini ta’kidladi. Natijada ularning manfaatdorligi oshishi, oziq-ovqat yetishtirish hajmi kengayishi va soha “soya"dan chiqishi kutilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2026-yildan QQS to‘lashdan ozod etiladigan mahsulotlar nomini e’lon qiladi. Prezident maxsus elektron platforma orqali keshbek ko‘rinishidagi mablag‘larni uch kun ichida o‘z vaqtida qaytarish bo‘yicha topshiriq berdi.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i nolga tushirilishi natijasida fermer va dehqonlar ixtiyorida 400 mlrd so‘m qoladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda QQSga o‘tgan tadbirkorlar bir yilga foyda solig‘idan ozod etilishi haqida yozgandi. 2026-yildan sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy hisoblanadi. Bu tartib buzilsa, tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.