O‘zbekneftgaz tabiiy gaz uzatish vaqtincha to‘xtatilishi munosabati bilan Farg‘ona vodiysi viloyatlariga benzin yetkazib berishni sezilarli darajada oshirdi, deya xabar berdi davlat kompaniyasi matbuot xizmati.
Mahalliy aholi ehtiyojlarini qondirish maqsadida korxona tomonidan 5-sentabr kuni Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari uchun 2000 tonna yoqilg‘i birja savdolariga qo‘yilmoqda. Qaror Energetika vazirligi topshirig‘iga ko‘ra qabul qilindi, deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, mazkur ko‘rsatkich shu kunga qadar o‘rtacha kunlik 250−300 tonnani tashkil etgan. O‘zbekneftgazning ma’lum qilishicha, 2000 tonna odatiy kunga nisbatan 7 baravar ko‘p degani.
Qo‘shimcha qilinishicha, neft bazalar faoliyati 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazildi. Bu orqali avtobenzin hududiy AYQShHlarga uzluksiz yetkazib berilishi ta‘minlanadi.
Energetika vazirligi 4-sentabr kuni davlat dasturi doirasida tog‘larda yotqizilgan yangi tarmoqni ulash uchun Ohangaron-Pungon gaz quvuri vaqtincha to‘xtatilishini ma’lum qildi. O‘chirish 5-sentabr kuni soat 12:00 dan boshlab 36 soat davom etadi.
Mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda ishlar olib borilayotgan vaqtda yirik iste’molchilarga, shu jumladan, gaz quyish shoxobchalariga gaz yetkazib berish cheklanadi. Vazirlik uzilishlarni qoplash uchun benzin yetkazib berish hajmini oshirishni e’lon qildi.
Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz AI-80 benzinini birja savdolarida sotishni to‘xtatgani haqida yozgandi.