O‘zbekistonda yarim yil ichida mikrokredit va mikroqarzlar ajratish deyarli ikki baravarga oshdi. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha mikromoliyaviy xizmatlar bozoriga bag‘ishlangan hisobotida ma’lum qilingan.
Yanvar-iyun oylarida kredit tashkilotlari 66,9 trln so‘mlik mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatdi. Bu 2024-yilning birinchi yarmiga nisbatan 92,2% ko‘pdir. Ushbu xizmatlarning 80%i tijorat banklari, 18%i mikromoliya tashkilotlari, 2%i esa lombardlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Tijorat banklarida mikromoliyaviy xizmatlar hajmi yarim yil ichida 89,4% ga oshib, 53,6 trln so‘mni tashkil etdi. Mikromoliya tashkilotlarida bu ko‘rsatkich 2,2 barobarga oshib, 12 trln so‘mni, lombardlarda esa 31% ga oshib, 1,3 trln so‘mni tashkil etdi.
100 mln so‘mgacha bo‘lgan mikromoliyaviy xizmatlar umumiy hajmning 91%ini (61,1 trln so‘m), yana 9%ini (5,8 trln so‘m) 100 mln so‘mdan 300 mln so‘mgacha bo‘lgan qarzlar tashkil etadi. Natijada ularning umumiy kreditlardagi ulushi 2024-yilning birinchi yarmidagi 26% dan 2025-yilning shu davrida 34% gacha oshdi.
Banklar orasida xususiy banklar yetakchilik qilmoqda. Ular 37,7 trln so‘mlik (jami mikromoliyaviy xizmatlarning 70%i) mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatgan, qolgan 15,9 trln so‘mlik (30%) xizmatlarni esa davlat banklari ta’minlagan. Yarim yillik natijalariga ko‘ra, xususiy banklarning kredit portfeli 2,2 barobar, davlat banklariniki esa 46% ga o‘sgan.
Davlat banklari orasida eng yuqori o‘sishni Mikrokreditbank ko‘rsatdi — 2,6 barobar (shu jumladan mikroqarzlar 4,4 barobar), Agrobank — 2,4 barobar (mikroqarzlar 5,5 barobar) va Aloqabank — 2,2 barobar (mikroqarzlar 3,6 barobar) o‘sishga erishdi.
Xususiy banklar segmentida TBC Bank — 3,2 baravar (mikroqarzlar — 3 baravar), InfinBank — 3,1 baravar (kredit kartalari — 3,3 baravar) va Anorbank — 75% (mikroqarzlar — 73%) o‘sish bilan yetakchilik qildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, TBC Bank mikromoliyaviy xizmatlar hajmi bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolmoqda: ko‘rsatkich o‘tgan yilgi 7 trln so‘mdan 22,3 trln so‘mgacha o‘sdi. Banklar o‘rtasidagi kreditlash hajmining 41,6%i va butun bozorning uchdan bir qismi TBC Bank hissasiga to‘g‘ri keladi.
Markaziy bank 24-iyuldan boshlab banklarga mikroqarzlar va kredit kartalarini konsentratsiyalash (overdraft) bo‘yicha talablarni kuchaytirdi. Ularning banklarning umumiy kredit portfelidagi ulushi 25% dan oshmasligi kerak. Regulyator yangi talablarga javob bermaydigan banklarga 2029-yil 1-yanvargacha muddat berdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda mikroqarzlar bo‘yicha stavkalar keskin ko‘tarilib, 36% dan oshgani haqida yozgandi.