Soliq qo‘mitasi sinov tariqasida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar uchun elektron hisobvaraq-fakturalarni berish bo‘yicha risklarni baholashning yangi tizimini ishga tushirdi. Bu haqda Gazeta qo‘mita matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, tizim real vaqt rejimida yaratilgan har bir EHFni tahlil qiladi va unga avtomatik ravishda xavf darajasini belgilaydi. Agar ehtimoliy buzilish belgilari aniqlansa, yetkazib beruvchining holati xaridorga ko‘rsatiladi.

Agar sotuvchi tomonidan chiqarilgan EHF qizil rangda bo‘lsa, bu xaridor QQSni kredit sifatida talab qila olmasligini anglatadi. Qo‘mitaning taʼkidlashicha, bu — sheriklarni tanlashga va bitimning ehtimoliy soliq oqibatlarini hisobga olishga ongli yondashish imkonini beradi.

Tizim QQSni suiisteʼmol qilishning odatiy sxemalarini, shu jumladan, soliqni sunʼiy ravishda qoplash uchun bir kunlik kompaniyalar va qalbaki hujjatlardan foydalanishni aniqlash maqsadida “bir qator mezonlar” asosida ishlab chiqilgan. Bunday huquqbuzarliklar va shubhali operatsiyalar misollari Soliq qo‘mitasi veb-saytida eʼlon qilingan.

EHFning yuqori xavf darajasi soliq to‘lovchilarning o‘ziga taʼsir qilmaydi. Hozirgi bosqichda tizim majburlov choralarisiz test rejimida ishlamoqda. U muvaffaqiyatli yakunlansa, tizimni soliq maʼmurchiligi amaliyotiga joriy etish ko‘zda tutilgan.

Test davrida Soliq qo‘mitasi tomonidan QQS kreditlarini noqonuniy olgan 149 ta korxona aniqlandi. Qo‘mita matbuot xizmati iyul oyida amalga oshirilgan shubhali operatsiya bo‘yicha misol keltirdi. Unga ko‘ra, “Alfa” korxonasi (nomi o‘zgartirilgan) chorvachilik xo‘jaligi sifatida iyul oyida ro‘yxatdan o‘tib, faoliyatini boshlagan.

Tadbirkor sifatidagi ilk shartnomasiga ko‘ra, salkam 1 trln so‘m, aniqrog‘i 896 mlrd so‘mlik (QQS — 96 mlrd so‘m) qora metall realizatsiyasi bo‘yicha EHF rasmiylashtirgan.

“Beta” MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) asosiy faoliyati chakana savdo bo‘lgani holda, EHF orqali 225 mlrd so‘mlik (QQS — 27 mlrd so‘m) qurilish materiallarini realizatsiya qilgan, biroq ushbu mahsulotlar amalda kirim qilinmagan.

Shuningdek, rasman ro‘yxatdan o‘tgan xodimlari va asosiy vositalari mavjud emasligiga qaramay, vositachilik asosida paxta tolasini qayta ishlash xizmatlari bo‘yicha 11 mlrd so‘mlik (QQS — 1,2 mlrd so‘m) bir nechta EHF rasmiylashtirgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, tizimning to‘liq rejimda joriy etilishi bunday operatsiyalarni o‘z vaqtida aniqlab, byudjetga zarar yetkazilishining oldini olish imkonini beradi.

Avvalroq 2026-yildan fermer va dehqonlar uchun QQS bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.