6-sentabrdan vodiy viloyatlaridagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati qayta tiklanadi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Farg‘ona vodiysi iste’molchilarini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi Ohangaron-Pungon magistral gaz quvurining tog‘li hududidan o‘tuvchi qismida qariyb 22 km qo‘shimcha qurilgan gaz quvuri tarmoqqa ulanib, montaj ishlari yakunlandi.
6-sentabr kuni soat 20:00 dan boshlab Andijon, soat 21:00 dan boshlab esa Farg‘ona va Namagan viloyatlaridagi AGTKSh hamda yirik iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berilishi qayta tiklanadi.
Vazirllik mazkur quvurning ishga tushirilishi vodiy viloyatlari iste’molchilarining tabiiy gaz ta’minoti ishonchliligini oshirishga xizmat qilishini qayd etgan.
4-sentabr kuni Ohangaron-Pungon quvuri orqali Farg‘ona vodiysi viloyatlariga tabiiy gaz yetkazib berish 1,5 sutkaga to‘xtatildi.
O‘zbekneftgaz cheklovlar davrida vodiy viloyatlariga benzin yetkazib berishni sezilarli darajada oshirdi. Yoqilg‘i savdosi 7 barobarga — 250−300 litrdan 2 ming litrgacha oshdi.
Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz AI-80 benzinini birja savdolarida sotishni to‘xtatgani haqida yozgandi.