Shavkat Mirziyoyev 5-sentabr kuni adliya tizimida davlat xizmatlarini kengaytirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbout xizmati xabar berdi.

So‘nggi sakkiz yilda adliya faoliyatini yangicha tashkil qilish uchun 70 ga yaqin qonun va qarorlar qabul qilinib, tizimga 20 dan ortiq qo‘shimcha vakolatlar berildi. Hududlarda 202 ta Davlat xizmatlari markazi qurildi. 500 dan ortiq davlat xizmatlari “bir darcha” tamoyili asosida ko‘rsatilmoqda.

Lekin bu borada hali qilinadigan ishlar ko‘pligi qayd etildi. Davlat idoralari o‘rtasida elektron hamkorlik yetarli emasligi byurokratik to‘siqlarga sabab bo‘lmoqda. 200 dan ortiq davlat xizmati eskicha usulda ko‘rsatilyapti. Chekka hududlarda aholining xizmatlardan mustaqil foydalanish imkoniyati cheklangan. Taqdimotda davlat xizmatlarini ko‘paytirish va osonlashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Rejaga ko‘ra, kelgusi uch yilda davlat xizmatlari 900 taga yetkaziladi. Yiliga 80 ta xizmat “3 qadam” tamoyili asosida soddalashtiriladi. Aholi gavjum joylar va olis mahallalarda 1 100 ta interaktiv kiosk o‘rnatiladi.

Fuqarolardan 30 turdagi hujjatlarni talab etish bekor qilinadi. Xususan, FHDYO organida nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rik natijalari, mudofaa bo‘limlarida harbiy xizmatga majburlarning turar joyi o‘zgarganligi haqidagi hujjat so‘ralmaydi, bu ma’lumotlar axborot tizimlari orqali onlayn olinadi.

Notariuslar 80 dan ortiq turdagi xizmatlarni ko‘rsatyapti. Lekin onlayn xizmatlar ulushi juda kam — 11%. Davlat rahbari raqamlashtirish orqali fuqarolarga qulayliklarni oshirish zarurligini ta’kidladi. 2025−2027 yillarda bosqichma-bosqich 20 ta notarial harakat onlayn rasmiylashtirishga o‘tkazilishi belgilandi.

Shuningdek, notarial xizmatlar ko‘rsatishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning aslini talab qilish bekor qilinib, buni Face-ID orqali aniqlash tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida 64 turdagi ekspertiza xizmatlari o‘tkazilyapti. Lekin hududlarda buning yarmi ham yo‘q. Shuning uchun ekspertiza bo‘yicha yangicha yondashuv qilish, hududiy ekspertiza markazlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, bu orqali ulardagi ekspertiza turlarini qo‘shimcha ravishda 15 tadan 25 tagacha ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Ekspertizaning yangi turlarini joriy etishda raqamli texnologiyalardan, inson omili yo‘q dasturlardan keng foydalaniladi. Surishtiruv, tergov organlari va ekspertiza muassasalari o‘rtasidagi hujjatlar almashinuvi to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. Avtohalokat joyini 3D modellashtirish, videotexnika va fototexnika ekspertizasi kabi yangi xizmatlar tatbiq etiladi.

Nodavlat sud ekspertiza faoliyatini kengaytirish, sud eksperti sifatida alohida byuro ochgan holda mustaqil ish yuritishga ruxsat berish, O‘zbekiston Sud ekspertlari palatasini tashkil etish bo‘yicha takliflar ma’qullandi.

Odamlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadda Aqlli targ‘ibot asosida aholi va tadbirkorlarga yangi hujjatlar haqidagi ma’lumotlar manzilli tarzda, elektron tizimlar orqali yetkazib beriladi. Qonunchilikni mutaxassislar ishtirokida sodda tilda sharhlab boruvchi Adliya TV internet sahifasi ishga tushiriladi.

Islohotlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishda mutasaddilarning tashabbuskorligi, javobgarligi, mas’uliyati va vakolatlarini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi. Shu bois, o‘z sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vazirlik va idoralar huzuridagi organlarga ham idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish vakolati beriladi.

Bunday hujjatlarni qabul qilish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi va muddatlari soddalashtiriladi. Natijada idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning o‘rtacha muddati 2 barobarga qisqaradi.

Taqdimot yakunida mazkur takliflarni amalga oshirish bo‘yicha farmon va qarorlar imzolandi.

Avvalroq O‘zbekistonda pullik davlat xizmatlari bank va to‘lov ilovalariga integratsiya qilinishi haqida xabar berilgandi. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov IT-xizmatlar eksporti 2025-yilda rejalashtirilgan muddatdan uch yil oldin $1 mlrddan oshishi kutilayotganini qayd etdi.