Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak O‘zbekistonda xususiylashtirishni tezlashtirishga va korporativ obligatsiyalarni rivojlantirishga e’tibor qaratishga chaqirdi. Bu haqda u 4 sentabr kuni Cbonds-Congress VII xalqaro konferensiyasida ma’lum qildi.

U o‘z nutqida regulyator hali kapital bozorida “katta ishlarni” bajarishi kerakligini ta’kidladi. Ba’zi ko‘rsatkichlarning “portlovchi” o‘sishi 100% va undan yuqori bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston sharoitida karrali o‘sish bo‘lishi mumkin.

“Bizda yangi bozorni yaratish uchun ma’lum darajada boshlang‘ich holat mavjud. Bundan keyin rivojlanish uchun O‘zbekiston bu yo‘nalishda oddiy qadamlar bilan ilgarilay olmasligini tushunamiz, bunda qandaydir sakrashlar va jiddiy o‘zgarishlar qilishimiz zarur”, — dedi Vyacheslav Pak.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dasturiy ta’minot bilan bog‘liq infratuzilma muammolari, shuningdek, ILMA o‘z vaqtida hal qilishga intilayotgan normativ tartibga solish muammolari saqlanib qolmoqda.

Shuningdek, bozorda investorlarning qiziqishini uyg‘otadigan va savdo hajmining o‘sishiga olib keladigan jozibador aksiyalar — “moviy fishkalar” yo‘q. Vyacheslav Pak xususiylashtirishni jadallashtirish tarafdori ekanini ta’kidlab, bu emitentlarni kredit va qarzlar olish o‘rniga, aksiyalar chiqarish, IPO va boshqa moliyaviy vositalar orqali investorlarni jalb qilishga undashga yordam beradi.

“Avvalgi yillarda biz qimmatli qog‘ozlar bozori rivojlanishini noto‘g‘ri tushunardik — asosiy urg‘u negadir aksiyalarga berilardi. Holbuki, butun dunyoda aksiyalar odatda butun bozorning uchdan bir qismini tashkil etadi. Korporativ obligatsiyalar ulushining o‘sishi va ko‘payishi bizni quvontiradi, chunki bu biz to‘g‘ri yo‘l va yo‘nalishda ketayotganimizdan dalolat beradi”, — deya izoh berdi ILMA rahbarining birinchi o‘rinbosari.

Vyacheslav Pak bozorning professional ishtirokchilarini dialog regulyator tomonidan monologga aylanib ketmasligi uchun yanada faol va tashabbuskor bo‘lishga chaqirdi. Jamoatchilik muhokamasi yoki yangi normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha maslahatlashuvlarda fikr-mulohazalar sifati juda pastligi kuzatilmoqda.

Uning ta’kidlashicha, hujjat chiqqanda tanqid boshlanadi, ammo ishlab chiqilayotgan paytda hech kim o‘z fikrini bildirmaydi. Shu munosabat bilan u kapital bozorini rivojlantirish nafaqat regulyatorning vazifasi, balki bozorning o‘zi va regulyatorning birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasi ekanligini ta’kidladi.

Avvalroq O‘zbekistonda omonatlar bilan raqobatlashadigan “xalq obligatsiyalari"ni joriy etish taklif qilingani haqida xabar berilgandi.