O‘zbekistonda qurilish sohasida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni tahlil qilish uchun so‘rovnoma o‘tkazilmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

Ushbu so‘rovnoma “Korrupsiyasiz soha ofisi” loyihasi doirasida o‘tkazilyapti hamda unda ishtirokchilarning shaxsiy ma’lumotlari oshkor etilmaydi. Barcha javoblar faqat umumlashtirilgan holda tahlil qilinadi.

So‘rovnomada qurilish uchun ruxsatnoma olish jarayoni va loyiha-smeta hujjatlarini kelishishda korrupsiya holatlari kabilar bo‘yicha jami 12 ta savollar mavjud.

Ularga beriladigan javoblar qurilish sohasida korrupsiya omillarini bartaraf etish, shu bilan birga, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni ishlab chiqishda foydalaniladi.

Tahlillar natijasi asosida agentlik hamda Qurilish vazirligi rahbariyati va jamoatchilik ishtirokida uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan.

Qurilishga ruxsatnoma berishidagi korrupsiya

29-avgust kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkor Usmonjon Abdusamatov qurilish sohasida asossiz rad etishlar mavjudligi va korrupsiyaviy holatlar haqida so‘z yuritgani haqida xabar berilgandi. U sohadagi korrupsion sxemalar haqida so‘zlab, $500 minglik uy qurishda $20 mingdan $100 minggacha pora berish kerakligini qayd etdi. Toshkentda har bir obyektga o‘rtacha $200 ming “qo‘shimcha xarajat” sarflanadi.

Qurilish vazirligi tadbirkor bildirgan fikr-mulohazalari yuzasidan rasmiy bayonot berib, qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar elektron tarzda amalga oshirilishini, qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi mumkin emasligini qayd etgan.

Keyinroq Kadastr agentligi ham holat yuzasidan izoh berib, tadbirkor tilga olgan qurilish uchun ruxsatnoma berish ishlarida kadastr idoralari ishtirok etmasligini bildirgan edi. Kadastr idoralari barcha qurilish ishlari tugallanganidan so‘ng ko‘chmas mulkni o‘lchab, kadastr pasportini shakllantirib berishi aytilgandi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda uy-joyni QQS bilan sotib olishda keshbek joriy etilishi mumkinligi haqida yozgandi.