Avgust oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi o‘sdi. Bu haqda Markaziy bank ma‘lumotlarida keltirilgan.

1-sentabr holatiga ko‘ra, regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati $50,08 mlrdni tashkil etdi. Bu o‘tgan oyga nisbatan $1,34 mlrdga ko‘p. Shu bilan birga, ma’lumotlar e’lon qilina boshlangan davr uchun eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Oltin zaxiralari bir oyda $1,38 mlrdga oshib, $40,06 mlrdga yetdi hamda qiymat jihatidan u ham rekordni yangiladi. Uning fizik hajmi esa biroz oshish bilan 11,8 mln troy unsiyani tashkil etdi.

O‘tgan oyda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari $53,5 mlnga — $8,48 mlrddan $8,43 mlrdga kamaydi. Boshqa mamlakatlar markaziy banklari va XVJdagi hisob raqamlaridagi valyuta zaxiralari miqdori $908,9 mln hamda xorijiy banklarda $7,52 mlrdni tashkil etdi.

Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan xarid qilingan qimmatli qog‘ozlarning qiymati o‘tgan oyda biroz oshib, $1,016 mlrdga yetdi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston yetti oy ichida 2024-yilga nisbatan ko‘proq oltin sotgani haqida xabar bergandi. Iyul oyida qimmatbaho metall eksporti $1,09 mlrdni, yil boshidan buyon esa $7,58 mlrdni tashkil etdi (yillik o‘sish 80,9%).