O‘zbekiston Henley & Partners kompaniyasining pasportlar jahon reytingidagi o‘rnini sezilarli darajada yaxshiladi. Spot indeksning yangilangan versiyasi bilan tanishib chiqdi.

2025-yilga kelib, respublika o‘tgan yilga nisbatan sakkiz pog‘onaga ko‘tarilib, 72-o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, avvalgidek, fuqarolar 62 mamlakatga vizasiz yoki kelgandan so‘ng viza olib kirishlari mumkin.

Joriy yilning 1-iyunidan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi. Sentabr oyi oxirida Iordaniya bilan ham xuddi shunday kelishuv kuchga kiradi.

Aksariyat MDH davlatlari pasport kuchi bo‘yicha O‘zbekistondan yuqorida qolmoqda. Jumladan, Belarus 60-o‘ringa ko‘tarilib (81 davlatga vizasiz kirish), Qozog‘iston esa 4 pog‘ona yuqorilab 61-o‘rinni egalladi (79 davlat). Ozarbayjon 66-o‘rinda (71 davlat), Armaniston 69-o‘rinda (67 davlat), Qirg‘iziston esa 71-o‘rinda (63 ta “vizasiz” mamlakat) joylashdi.

Rossiya yetakchi bo‘lib qolmoqda — 43-o‘rin (114 mamlakat), biroq Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va AQSh bilan aviaqatnovlarning yopilishi sayyohlik sayohatlarini murakkablashtirmoqda. Reytingda O‘zbekistondan keyin Tojikiston va Turkmaniston joylashgan — mos ravishda 78 va 84-o‘rinlar.

Birinchi o‘rinni Singapur egalladi, uning fuqarolari 193 mamlakat va hududga (o‘tgan yili 195 ta) mahalliy hokimiyatni oldindan xabardor qilmasdan kirishlari mumkin. Ular uchun viza umuman talab qilinmaydi yoki uni kelishlari bilan olishlari mumkin.

Ikkinchi o‘rinda Yaponiya va Janubiy Koreya — 190 ta davlat. Uchinchi o‘rinni bir vaqtning o‘zida yettita davlat egalladi: Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Irlandiya, Ispaniya va Italiya — ularning fuqarolari dunyoning 189 davlatiga vizasiz sayohat qilishlari mumkin. Kuchli beshlikka Yevropaning boshqa davlatlari va Yangi Zelandiya ham kirdi.

An’anaviy ravishda, reytingning eng past o‘rnini Afg‘oniston egalladi — uning pasporti bilan atigi 25 mamlakatga vizasiz sayohat qilish mumkin. Reytingning quyi qismida Suriya, Iroq, Yaman, Pokiston va Somali ham joy oldi — ular uchun vizasiz kirishga ruxsat beruvchi mamlakatlar soni 32 tadan kam.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi avgust oyida respublika fuqarolari dunyoning 35 ta mamlakatiga vizasiz kira olishini ma’lum qildi. Yana 29 ta davlat ularga kelganda viza (visa on arrival) berishini ham aytdi.


Avvalroq Spot AQSh vizasiga ega 55 mlndan ortiq xorijlik tekshirilishi haqida yozgandi.

Tekshiruv doirasida Davlat departamenti vizani bekor qilish uchun asoslar mavjudligini o‘rganadi. Qonunbuzarlik aniqlansa, xorijlik AQShdan deportatsiya qilinadi.