O‘zbekistonda maktabgacha taʼlim qamrovi 80% dan past bo‘lgan hududlarda xususiy sektor ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi. Bu haqda prezident 8-sentabr kuni tanishgan taʼlim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimotda taʼkidlandi.
Bolalar bog‘chasidan oliy taʼlimgacha qamrab olgan yagona milliy g‘oya konsepsiyasi ishlab chiqildi. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha ham yagona vertikal tizim joriy etiladi.
Shu maqsadda “Barkamol avlod” bolalar maktabi, Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi hamda “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati negizida “Kelajak” markazlari tashkil etiladi. O‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinadi.
Oxirgi 8 yilda bog‘chalarda o‘rinlar soni 2,5 mlntaga ko‘paytirilib, maktabgacha taʼlim qamrovi 78% ga yetdi. Bu qamrovni oshirish maqsadida har yili 20 ming o‘rin ochish rejalashtirilgan.
Buning uchun yangi ko‘p qavatli uylar qurilishida ulardagi aholi soniga mutanosib bog‘cha ham bo‘lishi nazarda tutiladi. Bog‘chalarda ishlayotgan o‘rta maxsus maʼlumotli mutaxassislar uchun dual taʼlim va malaka oshirish tizimi joriy etiladi.
Maktabgacha taʼlim qamrovi 80% dan past bo‘lgan tuman va shaharlarda xususiy sektor ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, bog‘cha va maktablarning bo‘sh maydonlarida DXSh asosida maktabgacha taʼlim tashkiloti qurishga ruxsat etiladi.
Tadbirkorlarga faoliyatni o‘zgartirmaslik sharti bilan yer uchastkalari bepul beriladi hamda 7 yilgacha bo‘lgan imtiyozli kredit ajratiladi.
2026−2028-yillarda mamlakatning 14 ta hududida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi.
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida 14 ta hududda muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Ushbu maktablarga bolalar imtihon asosida saralab olinadi va Davlat byudjeti hisobidan o‘qitiladi.
Ularda Yangi O‘zbekiston universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik taʼlim dasturi joriy qilinadi. O‘quv jarayoni 5 yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi.
2026-yildan boshlab, har yili umumtaʼlim maktablari o‘rtasida prezident sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkaziladi.
Shuningdek, tabiiy fanlarni o‘qitishni yaxshilash maqsadida barcha hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilinadi. Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab bu yo‘nalishda tayanch maktab bo‘ladi.
Toshkentda N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, ToshTech texnika universiteti hamda Olmaliq davlat texnika instituti ochiladi.
Joriy o‘quv yilidan pedagogika yo‘nalishidagi OTMlarning talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi taʼsis etilmoqda. Stipendiya bakalavriatning 3−4-kurslari uchun bo‘ladi, yoshlarni o‘qish va ilmiy izlanishlarga undaydi.
Yig‘ilishda fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar taqdimot qilindi. Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimida ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tartiblari takomillashtiriladi. Jumladan, doktoranturaga ajratilayotgan kvotalar mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib belgilanadi.
Fanlar akademiyasining mamlakatda istiqbolli ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirish, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy ishlanma natijalarini amaliyotga tatbiq etishdagi o‘rni kuchaytiriladi. Davlat rahbari bildirilgan takliflarni maʼqullab, tegishli hujjatlarni imzoladi.
Avvalroq O‘zbekistonda 58 ta maktab qurishga Islom taraqqiyot bankidan $200 mln jalb qilinishi haqida xabar berilgandi.