Toshkent bozorlaridagi arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkalarida ayrim rastalarda narxlar sunʼiy oshirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, ushbu holatlar aholining e‘tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Yarmarkalarda narxlarni nazorat qilish maqsadida mazkur rastalarda kuzatuv kameralari o‘rnatilishi boshlandi.

Hozirgi kunda poytaxtning ikkita bozori — Mirobod dehqon bozori hamda Eski Juva (Chorsu) bozorida kuzatuv kameralarini o‘rnatildi

“Bu boradagi ishlar davom etmoqda va tez orada poytaxtning barcha yirik bozorlaridagi arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkalarida kuzatuv kameralari o‘rnatiladi”, deyiladi xabarda.

Avgust oyi avvalida Toshkent bozorlarida arzonlashtirilgan narxlarda go‘sht sotilishi boshlangani haqida xabar berilgandi. Xususan, mahalliy mol go‘shti 85 ming so‘mni, qo‘y go‘shti esa 90 ming so‘mni tashkil etishi aytilgandi. Shu bilan birga, Belarus mol go‘shti 70 ming so‘mdan sotilishi belgilangandi. Muzlatilgan go‘sht — 65 ming so‘m.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda mahsulotlar narxlari qanday hisoblanishi yuzasidan reportaj tayyorlagandi.