AQSh hukumati chet elliklarga noimmigratsion vizalar, jumladan, B1/B2 biznes/turistik vizalarini berish qoidalarini kuchaytirdi.

Davlat departamenti 6-sentabr kuni e’lon qilgan farmoyishga ko‘ra, endi ularni olish uchun hujjatlarni faqat o‘z fuqaroligi yoki doimiy yashash joyidagi mamlakatda topshirish mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birga, bunday vizalar berilishi to‘xtatilgan 17 davlat fuqarolari uchun ariza topshirish mumkin bo‘lgan ma’lum elchixonalar va konsulliklar belgilangan.

Xususan, rossiyaliklar faqat AQShning Ostona va Varshavadagi elchixonalariga, Belarus fuqarolari Varshava yoki Vilnyusdagi, Ukraina fuqarolari esa Varshava va Krakovdagi elchixonalarga murojaat qilishlari mumkin.

Hozirgacha bunday turdagi viza uchun suhbatdan o‘tish va ariza topshirishni istalgan mamlakatda amalga oshirish mumkin edi. Allaqachon rejalashtirilgan suhbatlar uchun yozilishlar o‘z kuchida qolmoqda.

Yangi qoidalar A, G, C-2, C-3 turdagi vizalarga, NATO vizalariga, shuningdek, har qanday turdagi diplomatik va xizmat vizalariga yoki BMT Bosh qarorgohi to‘g‘risidagi bitimga muvofiq amalga oshiriladigan sayohatlarga taalluqli bo‘lmaydi.

Davlat departamentining ma’lum qilishicha, ayrim istisno hollarda insonparvarlik sabablari, tibbiyot yoki tashqi siyosat masalalari bo‘yicha alohida ruxsatlar berilishi mumkin.


Avvalroq Spot AQSh vizasiga ega 55 mlndan ortiq xorijlik tekshirilishi haqida yozgandi.

Tekshiruv doirasida Davlat departamenti vizani bekor qilish uchun asoslar mavjudligini o‘rganadi. Qonunbuzarlik aniqlansa, xorijlik AQShdan deportatsiya qilinadi.