AQShning Oppenheimer kompaniyasi Andijondagi loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etadi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berd i.
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Oppenheimer kompaniyasi boshqaruv direktori Jon Tonelli bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda Andijon viloyatida amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha taqdimot qilindi.
Jumladan:
- qiymati $180 mln bo‘lgan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish va tayyorlash uchun korxonalar qurishga mo‘ljallangan tekstil sanoat zonasi;
- qiymati $20 mlnga teng Xonabodda qurilayotgan Sunʼiy dam olish ko‘li loyihasi;
- qiymati $1 mlrdlik Yangi Andijon shaharsozlik loyihasi.
Tomonlar iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha tahlillarni muhokama qildi. Asosiy eʼtibor sarmoyaviy yo‘nalishga qaratildi.
Kelishuv natijalariga ko‘ra, Oppenheimer kompaniyasi ushbu loyihalarni moliyalashtirish jarayonlarida ishtirok etishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Maʼlumot uchun, ushbu kompaniya Nyu-York shahrida joylashgan bo‘lib, faoliyati moliya, investitsiya, brokerlik xizmatlariga qaratilgan.
Malayziya kompaniyasi Andijon viloyatining Qirg‘iziston bilan chegara yaqinida quruqlik portini qurishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, Qatar kompaniyalari O‘zbekistonda turizm infratuzilmasi va mehmonxona biznesiga investitsiyalar kiritishi haqida yozgandi.