O‘zbekistonda kreditlarni reklama qilishda xatarlar haqida ogohlantirish berish taklif qilinmoqda. Bu haqda Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati boshlig‘i Bahodir Mirzayev Spot’ga bergan izohida ma’lum qildi.

Markaziy bank “Reklama to‘g‘risida"gi qonunga iste’molchilarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xizmatlar bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritishni taklif etdi. Reklamada kelajakdagi xarajatlar va moliyaviy qiyinchiliklar bilan bog‘liq xavf-xatarlarni ko‘rsatish ko‘zda tutilmoqda. Masalan, kreditlar bo‘yicha to‘lovlarning kechiktirilishi kredit tarixini buzib, yangi kreditlar olishni qiyinlashtirishi yoki ularning shartlarini yomonlashtirishi mumkin. Bu o‘z navbatida foiz stavkasining oshishiga ham olib keladi.

“Hozir biz loyihani ishlab chiqish bosqichidamiz va reklamada qanday xatarlarni ochib berish kerakligi ustida ishlayapmiz. Shu yil oxirigacha qonun loyihasi sifatida o‘zgarishlarni taklif qilamiz”, — dedi u.

kreditlar, markaziy bank, reklama, kreditlash

Bahodir Mirzayev (o‘ngda). Foto: Markaziy bank

Bahodir Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi Markaziy bank tomonidan Raqobat qo‘mitasi (reklama bozori regulyatori) va Adliya vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqiladi. Regulyator, shuningdek, ushbu tashabbusning zarurligini asoslab, Vazirlar Mahkamasiga tushuntirish xati kiritdi.

Uning tushuntirishicha, xatar to‘g‘risidagi ogohlantirishlar audio va televizion reklamalarga tarqatilishi mumkin.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda yarim yil ichida deyarli ikki baravar ko‘p mikrokredit va mikroqarzlar berilgani haqida yozgan edi.