Markaziy bank maxsus stipendiya dasturini eʼlon qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Unda mamlakatdagi OTMlarda iqtisodiyot, bank ishi, moliya, amaliy matematika va axborot texnologiyalari yo‘nalishlaridagi bakalavriat hamda magistraturaning so‘nggi bosqichi kunduzgi bo‘limida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishi mumkin.
Jumladan:
- Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti;
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti;
- Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti;
- Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti;
- Toshkentdagi INHA universiteti;
- Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti;
- Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti;
- MGIMO (Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti) Toshkent filiali;
- M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Toshkent shahridagi filiali;
- Viloyatlarda bank ishi, iqtisodiyot, moliya va axborot texnologiyalari bo‘yicha yo‘nalishlari mavjud ta‘lim muassasalari.
Markaziy bank stipendiyasi BHMning kamida 3 baravari (1 mln 236 ming so‘m) miqdorida belgilanadi. Stipendiatlar tanlov asosida saralab olinadi va ular regulyatorning tegishli bo‘linmalarida haftasiga 15 soatdan oshmagan tarzda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Talabgorlar so‘nggi o‘quv yili yakuniga ko‘ra yuqori reyting ko‘rsatkichiga ega, davlat tilini mukammal darajada egallagan bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, rus va ingliz tillarini kamida B2 darajasida bilishi talab etilmoqda.
Ustunlik beriladigan mezonlar:
- ACCA va boshqa xalqaro darajadagi moliyaviy sertifikatlarga ega bo‘lish;
- Big Data (katta ma‘lumotlar) bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lish;
- IELTS sertifikatida 7,0 yoki undan yuqori ball;
- Iqtisodiyot, moliya yoki axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi xalqaro yoki respublika miqyosidagi olimpiadalarda g‘olib yoki sovrindor bo‘lish.
Test sinovlari masofaviy shaklda 15-sentabr kuni soat 10:00 da cbu_stipendiya_bot manzili orqali o‘tkaziladi.
Iqtisodiyot, bank ishi, moliya, amaliy matematika mutaxassisliklar uchun makroiqtisodiyot, mantiqiy fikrlashga oid savollar, axborot texnologiyalari bo‘yicha mantiqiy fikrlash va sohaga oid savollar beriladi.
Avvalroq O‘zbekistonda 2025-yildan “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.