Raqobat qo‘mitasi Uzum Market marketpleysidan xarid qilingan Oila Tanlovi yog‘ining texnik jihatdan tartibga solish hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan kelib tushgan murojaatni o‘rgandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, Uzum Market buyurtmasi asosida Bo‘ston Food Company korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur mahsulot qadog‘ida yaroqlilik muddati 6 oylik muddat o‘rniga 12 oy deb ko‘rsatilgan. Shuningdek, mahsulot qadog‘ida texnik reglament ko‘rsatilmay, eskisi ko‘rsatilgan.
Holat yuzasidan qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha Uzum Market va Bo‘ston Food Company tomonidan qonun talablari buzilgan deb topildi.
Ushbu qonun buzilish holatlarini quyidagi tartibda bartaraf etish tavsiya etilgan:
- bir oy ichida yaroqlilik muddati 12 oy deb ko‘rsatilgan jami 145 mingga yaqin Oila Tanlovi yog‘ mahsulotini isteʼmolchilardan qaytarib olish (to‘langan mablag‘larni qaytarish) yoki aynan shunday maqbul sifatli tovarga almashtirish orqali bartaraf etish;
- isteʼmolchilarning huquqlari buzilishi natijasida korxonalar tomonidan olingan jami 1,6 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni isteʼmolchilarga, ularni aniqlash imkoniyati bo‘lmaganda esa respublika byudjetiga qaytarish.
Korxonalar mazkur ko‘rsatmadan norozi bo‘lib, uni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi arizalari bir nechta sud instansiyalarida ko‘rib chiqilgan. Tegishli hal qiluv qarorlari bilan ariza talablari qanoatlantirilmadi va qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirildi.
Uzum Market matbuot xizmati yaroqlilik muddati bilan bog‘liq xato faqat 2024-yil aprelda olib kelingan Oila Tanlovi yog‘ining bir partiyasida aniqlanganini ma‘lum qildi.
Kompaniyaning ta‘kidlashicha, yorliqda yaroqlilik muddati 12 oy deb ko‘rsatilgan bo‘lib, bu xalqaro sanitariya me‘yorlariga mos keladi. Ammo O‘zbekistonda ikki xil markirovkalash qoidasi amal qilgani sababli, birida yog‘ning saqlash muddati 12 oy, boshqasida esa 6 oy qilib belgilangan.
“Xato aniqlangach, yog‘ning butun partiyasi sotuvdan zudlik bilan olib tashlandi va ishlab chiqaruvchiga qaytarildi”, — deya izoh berdi kompaniya vakillari.
Qo‘mita iste‘molchidan kelib tushgan shikoyatni 2024-yil aprelida qabul qilgan, biroq ish iyul oyida ko‘rib chiqilgan. Uzum Market mahsulot sifati va xavfsizligi standartlarga to‘liq javob berganini, muammo faqat yorliqdagi noto‘g‘ri ko‘rsatkich bilan bog‘liq bo‘lganini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Yandex Market reklamasi bo‘yicha ishni Uzum Market foydasiga hal qilgani haqida xabar berilgandi.