O‘zbekistonda yangi g‘oyalar va investitsiyalarga sharoit yaratish uchun innovatsion xab tashkil qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 10-sentyabr kuni tanishgan moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimotida aytildi.
Dunyoda moliyaviy texnologiyalar bozori hajmi bu yil $300 mlrddan, 2030-yilga borib, $600 mlrddan oshishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda 2018-yili FinTech korxonalari 24 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda 103 taga yetgan. Joriy yil mahalliy korxonalar $260 mlndan ziyod xorijiy investitsiya jalb qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 4 barobar ko‘p.
Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida 1 mingta startapni qo‘llab-quvvatlash, Open banking tizimini joriy qilish, moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya ishlab chiqilishi aytilgan edi. Taqdimotda mutasaddilar shu boradagi rejalar va takliflar yuzasidan axborot berdi.
Strategiyani puxta ishlab chiqish uchun birinchi navbatda meʼyoriy-huquqiy baza, moliyaviy texnologiyalarning hozirgi holati, infratuzilma va kadrlar masalasi tahlil qilinmoqda.
Singapurlik ekspertlar jalb etilib, xalqaro tajriba o‘rganilmoqda. Shu asosda bu sohadagi milliy tamoyillar shakllantiriladi, institutsional arxitektura va idoralararo hamkorlik tartibi belgilanadi. Yakuniy maqsad — barqaror, inklyuziv va raqobatbardosh moliyaviy xizmatlar ekotizimini yaratish.
Bugungi kunda moliya bozorini sunʼiy intellekt va blokcheyn texnologiyalarisiz rivojlantirib bo‘lmasligi qayd etildi. Tahlillarga ko‘ra, bular orqali banklar daromadini 20% ga, moliyaviy xizmatlar hajmini 30% ga oshirib, xavflarni 15% ga kamaytirish mumkin.
Davlat rahbari banklarning texnologik imkoniyatlarini kengaytirib, raqamli xizmatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Sohada muvaffaqiyat mezonlarini aniqlash va boshqarish maqsadida Markaziy bankda Fintex ofisi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Startaplar akseleratsiyasi, yangi g‘oyalar va investitsiyalarga sharoit yaratish uchun innovatsion xab tashkil qilinishi maʼqullandi.
Bu chora-tadbirlar kelgusida O‘zbekistonning mintaqaviy fintex markaziga aylanishiga xizmat qilishi qayd etildi.
Avvalroq talabalar va maktab o‘quvchilarining startap g‘oyalari uchun grantlar berilishi haqida xabar berilgandi.