Gemini chat-botining eng kutilgan funksiyalaridan biri bo‘lgan audioyozuvlarni rasshifrovka qilish imkoniyati asosiy yangilik sifatida taqdim etildi. Bu ma’lumotlar The Verge nashri xabar berdi.

Bundan tashqari, “Google Qidiruv"ning sun’iy intellekt rejimi til qamrovini kengaytirdi va NotebookLM vositasi yangi hisobot formatlariga ega bo‘ldi.

Endi Gemini ilovasi foydalanuvchilari transkripsiya qilish uchun audio fayllarni yuklash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Google Labs va Gemini vitse-prezidenti Josh Vudvordning aytishicha, audio fayllar bilan moslik ilova foydalanuvchilarining “eng birinchi talabi” bo‘lgan ekan.

Gemini’ning bepul foydalanuvchilari 10 daqiqagacha bo‘lgan audio yozuvlarni yuklay olishlari va kuniga beshtagacha so‘rov yuborishlari mumkin. AI Pro yoki AI Ultra obunachilari esa, o‘z navbatida, uch soatgacha bo‘lgan audiolarni yuklash imkoniyatiga ega. Tizim ZIP arxivlari bilan birga 10 tagacha turli formatdagi fayllarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Bundan tashqari, “Google Qidiruv"ning sun’iy intellekt rejimi endi yana beshta tilda: hind, indonez, yapon, koreys va Braziliya portugal tillarida ham mavjud bo‘ldi. Bu Gemini 2.5 ning “Qidiruv” tizimi bilan integratsiyalashuvi tufayli amalga oshirildi.

Kompaniya blogida ta’kidlanishicha, “ushbu kengaytirish tufayli ko‘proq odamlar o‘zlari afzal ko‘rgan tilda murakkab savollarni kiritish orqali internetni chuqurroq o‘rganish uchun sun’iy intellekt rejimidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar”.

Gemini bazasida ishlaydigan NotebookLM dasturiy ta’minoti yangi hisobot uslublari bilan yangilandi. Endi bu vosita o‘quv qo‘llanmalari, qisqa sharhlar, blog yozuvlarini yaratish, shuningdek foydalanuvchi yuklagan hujjatlar, fayllar va boshqa media asosida flesh-kartalar va viktorinalar tuzish imkoniyatiga ega.

Bu funksiyalar 80 dan ortiq tilda mavjud. Foydalanuvchilar hisobotning shakli, ohangi va uslubini o‘zlari sozlashlari mumkin. Ushbu funksiya shu hafta oxirigacha to‘liq ishga tushirilishi kutilmoqda.


Avvalroq Spot Google Gemini SI modeliga smartfonlardagi ilovalarga kirishga ruxsat bergani haqida yozgandi.

Bunda sun’iy intellekt modeli smartfondagi tashqi ilovalar, jumladan, messenjerlar, taqvimlar va pochta bilan o‘zaro aloqada bo‘lishi mumkin.