Astana Hub texnologik klasteri IT Park Uzbekistan bilan birgalikda Market Entry akseleratsiya dasturini ishga tushirmoqda. Bu haqda Qozog‘iston texnoparki matbuot xizmati xabar berdi.
Akselerator o‘z biznesini Qozog‘iston bozoriga kengaytirish niyatida bo‘lgan o‘zbekistonlik texnologik startaplar uchun mo‘ljallangan.
Dastur doirasida yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishda, shuningdek subsidiyalar va soliq imtiyozlarini olishda yordam ko‘rsatiladi.
Ishtirokchilar o‘z mahsulotlari va biznes modellarini mahalliy qonunchilik hamda soliq tizimining o‘ziga xos xususiyatlariga moslashtirish, yangi auditoriyada yechimlarini sinab ko‘rish va pilot loyihalarni tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ular uchun ehtimoliy mijozlar va hamkorlar bilan uchrashuvlar uyushtiriladi.
Bundan tashqari, tashkilotchilar ishtirokchilarga quyidagilarni taqdim etadilar:
- jamoaning ikki a’zosi uchun Ostonada ofis va birgalikda yashash joyi;
- asosiy sohalarda murabbiylik mashg‘ulotlari va mutaxassislarning maslahatlari;
- shaxsiy kuzatuvchilar bilan hamkorlik;
- ko‘rgazmalar, forumlar va boshqa sohaviy tadbirlarda qatnashish imkoniyati.
Market Entry dasturining ochilish marosimi 3-oktabr kuni Digital Bridge xalqaro forumi doirasida bo‘lib o‘tadi. Mashg‘ulotlar 6-oktabrdan boshlanib, sakkiz hafta davom etadi.
Akseleratorning yakuniy bosqichi 5-dekabrga belgilangan taqdimot kuni (Demo Day) hisoblanadi. Ishtirokchilar mablag‘ jalb qilish maqsadida o‘z loyihalarini investorlar va venchur jamg‘armalariga taqdim etadilar.
Market Entry dasturi haqida qo‘shimcha ma’lumot olish va unda ishtirok etish uchun ariza topshirish Astana Hub veb-saytida amalga oshiriladi. Ro‘yxatdan o‘tish muddati 20-sentabrgacha davom etadi.
Avvalroq Spot Clash of Startups loyihalar tanloviga arizalar qabul qilinayotgani haqida yozgandi.
Tanlovning mukofot jamg‘armasi $50 mingni tashkil etadi. Arizalarni 17-sentabrgacha yuborish mumkin.