O‘zbekistonda 2026-yilning bahoridan pensiyani oldindan hisoblash imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu haqda 10-sentabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Atadjanov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Hozirda Pensiya jamg‘armasi hali pensiyaga chiqmagan shaxslar uchun mo‘ljallangan Mening pensiyam dasturini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda. Bu dastur fuqarolarga kelajakdagi pensiya miqdorini oldindan bilib olish imkonini beradi.

“Buning uchun JSHSHIRni kiritish va OneID orqali identifikatsiyadan o‘tish kerak. Shaxs o‘zi haqidagi barcha ma’lumotlarni 26 ta vazirlik va idoralar bilan integratsiyalashgan holda oladi: ish haqi, mehnat staji, o‘qish davri, ayollar uchun bolalar soni, erkaklar uchun harbiy xizmat. Ushbu ma’lumotlar asosida bo‘lajak pensiya hisoblab chiqiladi va ko‘rsatiladi”, — dedi Murodbek Atadjanov.

Uning aytishicha, dastur fuqarolarga yoshga qarab pensiya olish uchun yetarli ish stajiga ega ekanliklarini bilish imkoniyatini ham beradi. Agar staj yetarli bo‘lmasa, bu norasmiy sektordan chiqib, yuqoriroq maosh to‘lanadigan ishga o‘tishni rag‘batlantirishi mumkin.

Dastlab Mening pensiyam xizmatini ishga tushirish 2026-yil 1-sentabrdan rejalashtirilgan edi. Pensiya jamg‘armasi jarayonni tezlashtirib, dasturni kelasi yilning aprel-may oylaridanoq ishga tushirish niyatida, deya qo‘shimcha qildi Atadjanov.

1993-yilda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, erkaklar 60 yoshga to‘lganda (ish staji kamida 25 yil bo‘lganda), ayollar 55 yoshga to‘lganda (ish staji kamida — 20 yil) yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Prezidentning 26-iyundagi farmoni bilan 2026-yilning 1-dekabridan boshlab fuqarolarning ish staji va ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida pensiya miqdorini oldindan aniqlash bo‘yicha “Mening pensiyam” onlayn xizmati joriy etilishi belgilangandi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda 2030-yilga borib xususiy pensiya jamg‘armalari tashkil etilishi mumkinligi haqida yozgandi.