O‘zbekistonda 2030-yilga borib xususiy pensiya jamg‘armalari tashkil etilishi mumkin. Bu haqda 10-sentabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Atadjanov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Pensiya islohoti konsepsiyasida xususiy pensiya jamg‘armalari to‘g‘risidagi bo‘lim nazarda tutilgan. Pensiya jamg‘armasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi 2027−2028 yillarga qadar normativ-huquqiy bazani ishlab chiqib, keyingi ikki yilda ularni yaratish bilan shug‘ullanadi.
“Bu juda murakkab masala. Ishonchli normativ-huquqiy baza yaratilmasa, kimdir pul yig‘ib qochib ketishi mumkin, keyin topolmaymiz. Shuning uchun konsepsiyaga ko‘ra, dastlabki ikki yilda faqat normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish bilan shug‘ullanamiz”, — dedi Murodbek Atadjanov.
May oyida Xalqaro maslahatchilar kengashi O‘zbekistonda pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish va buning uchun 6 ta yo‘nalishdagi 5 ta qonunni qabul qilishni taklif qilgandi. Bular qatorida “sug‘urta staji"ni joriy etish, pensiya bo‘yicha xizmatlarni to‘liq raqamlashtirish hamda xususiy pensiya jamg‘armalarini tashkil etish bor.
Biroq, ushbu xabarlardan keyin Strategik islohotlar agentligi pensiya tizimiga xususiy sektorni jalb qilish taklifi davlat ishtirokidagi pensiya fondini bekor qilishni nazarda tutmasligini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.