O‘zbekistonda minimal pensiya yoshini oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 10-sentabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Atadjanov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Pensiya islohoti loyihasida pensiyaga chiqishning eng kam yoshini oshirish ko‘zda tutilgan: erkaklar uchun — hozirgi 60 yoshdan 63 yoshgacha, ayollar uchun — 55 yoshdan 58 yoshgacha. Jarayon bosqichma-bosqich — har yili yarim yilga oshiriladi.
Murodbek Atadjanovning ta’kidlashicha, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida eng kam pensiya yoshi 65 yoshdan ortiqni tashkil etadi. O‘zbekistonda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinganidan buyon 32 yil davomida pensiya yoshi oshirilmagan. “Faqat O‘zbekiston qoldi, boshqa davlatlar esa pensiya yoshini allaqachon oshirib bo‘lgan”, — dedi u.
Pensiya jamg‘armasining ijro etuvchi direktori O‘zbekistonda umr ko‘rish davomiyligi o‘sib borayotganini ta’kidladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 75 yoshga yetgan. Agar 20 yil oldin pensionerlar pensiyaga chiqqandan so‘ng o‘rtacha 8−9 yil umr ko‘rgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich erkaklarda 12,5 yilga, ayollarda esa 20 yilga yetdi.
Atadjanovning so‘zlariga ko‘ra, pensiya yoshini oshirish bo‘yicha qaror hali qabul qilinmagan. Pensiya jamg‘armasi pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha aholi takliflarini yig‘ish uchun maxsus platformani ishga tushirmoqchi, bu jarayon bir oy davom etadi. Kelib tushgan takliflar o‘rganib chiqilgandan so‘ng, ularni qayta muhokama qilish, zarur o‘zgartirishlar kiritish va pensiya islohoti loyihasini jurnalistlar hamda blogerlar ishtirokida rasman taqdim etish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, Murodbek Atajonov pensiya yoshini oshirishda yumshoqroq variant — har yili yarim yilga emas, balki uch oyga oshirish ko‘rib chiqishilishi mumkinligini qayd etdi. Shu tariqa, pensiya yoshi har to‘rt yilda bir yilga oshirilib, butun islohot 12 yil davomida amalga oshiriladi.
Pensiya islohoti
2024-yil sentyabrda Vazirlar Mahkamasi davlat pensiya ta’minotini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqadigan ishchi guruh tarkibini tasdiqladi. Ishchi guruhga amaldagi pensiya tizimidagi mavjud muammolarni o‘rganish vazifasi yuklandi.
Pensiya islohotlari konsepsiyasi loyihasini 2025-yil 1-martgacha Prezident Administratsiyasiga kiritish topshirildi. Ishchi guruhga Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarlik qiladi.
Aprel oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Budjet xarajatlari samaradorligini oshirish uchun pensiya islohotini o‘tkazish taklif etildi.
Oxirgi 10 yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 barobar, xarajatlari esa 5 barobar oshgan. 2020-yildan boshlab pensiya to‘lovlarini moliyalashtirish uchun doimiy ravishda davlat budjetidan transfert ajratiladi. 2022-yilda transfert miqdori 11 trln so‘mni tashkil etib, umumiy xarajatlarning chorak qismini tashkil etdi. 2023-yil uchun 15 trln so‘m (29%) ajratish rejalashtirilgandi. 2030-yilda transfert hajmi 38 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.
Xalqaro maslahatchilar kengashi O‘zbekistonda pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish va buning uchun 6 ta yo‘nalishdagi 5 ta qonunni qabul qilishni taklif qilgandi. Bular qatorida “sug‘urta staji"ni joriy etish, pensiya bo‘yicha xizmatlarni to‘liq raqamlashtirish hamda xususiy pensiya jamg‘armalarini tashkil etish bor.
Undan keyin Strategik islohotlar agentligi ijtimoiy tarmoqlarda pensiya tizimini xususiylashtirish rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlarni rad etib, pensiya tizimiga xususiy sektorni jalb qilish taklifi davlat ishtirokidagi pensiya fondini bekor qilishni nazarda tutmasligini ma’lum qildi.
Shuningdek, may oyida XVJning mamlakatdagi doimiy vakili Koba Gvenetadze O‘zbekistonda pensiya islohoti zarurligini ta’kidladi. U hozirgi pensiyaga chiqish yoshi (erkaklar uchun 60 yosh, ayollar uchun 55 yosh) jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan past ekanligini qo‘shimcha qildi.
“Pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirishni tavsiya etish mumkin, biroq buning uchun [pensiya islohoti] konsepsiyasini tasdiqlash zarur. Biz hukumatga bu zarur islohotni amalga oshirishda yordam beramiz”, — dedi u.
Iyun oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumatiga amaldagi pensiya tizimini isloh qilishni tavsiya qildi. Xususan, minimal pensiya yoshini oshirish va to‘lovlarni inflyatsiya darajasiga avtomatik ravishda indeksatsiya qilish taklif etildi.
XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, hukumat 2025-yilda pensiya islohoti loyihasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Pensiya islohoti konsepsiyasini sentabrgacha prezidentga taqdim etish rejalashtirilgan.
O‘z navbatida, Pensiya jamg‘armasi ijtimoiy tarmoqlarda pensiyaga chiqishning eng kam yoshini oshirish taklifi bilan bog‘liq xabarlarga izoh berib, hozirda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmaganini, ishlar o‘rganish, tahlil qilish va takliflar ishlab chiqish bosqichida ekanligini qayd etdi.
Avvalroq O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari yagona badal asosida pensiya olishlari mumkin bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Tomonlar davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti bo‘yicha bitim hamda uni amalga oshirishga oid ma’muriy kelishuv loyihasini kelishib oldilar.