Davlat xizmatlari ko‘rsatishda talab qilinadigan hujjatlar soni qisqartiriladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmonida maʼlum qilindi.

2028-yilgacha Yagona portal (my.gov.uz) va davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladigan xizmatlar sonini 900 taga yetkazish belgilandi. Proaktiv davlat xizmatlari sonini 53 taga hamda kompozit davlat xizmatlarini 74 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-dekabrdan idoralararo axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali bir qator talablar bekor qilinadi. Jumladan:

  • nikohni rasmiylashtirishda FHDYO organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslardan tibbiy ko‘rik natijalarini taqdim qilish talabi;
  • nikohdan sud qarori asosida ajratilganda nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini shakllantirish uchun FHDYO organlari tomonidan sud qarorining talab qilinishi;
  • avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasida avtomototransport vositasi mulkdorining manzilini ko‘rsatish talabi.

Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-noyabrdan Yagona portalda jismoniy shaxslarning belgilangan shaxsga doir maʼlumotlari ularning shaxsiy kabineti orqali real vaqt rejimida taqdim etiladi.

Bu maʼlumotlar ularning qog‘oz shakliga tenglashtiriladi. Ular portalning mobil ilovasi orqali ko‘rsatilganda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qog‘oz shaklini talab qilish taqiqlanadi.

1-noyabrdan davlat xizmatlari markazlariga kelib murojaat qilinganda pensioner, homilador ayollar va 3 yoshga to‘lmagan bolasi bilan kelgan fuqaroga davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish bo‘yicha imtiyoz beriladi.

Bundan tashqari, jismoniy shaxslarni yagona identifikatsiya tizimidan (OneID) ro‘yxatdan o‘tkazishda muqobil tarzda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face ID) tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat xizmatlari markazlariga Yagona portal orqali joriy etilgan barcha davlat xizmatlari bo‘yicha aholi va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi.

Farmonga ko‘ra, 2026-yildan Vakolat.uz platformasi ishga tushiriladi. U quyidagilarni nazarda tutadi:

  • davlat xizmatlaridan foydalanish va natijalarni olish bo‘yicha boshqa shaxslarga ishonchnomalarni rasmiylashtirish;
  • yuridik shaxslar tomonidan rasmiylashtirilgan ishonchnomalarni ixtiyoriy ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • barcha turdagi ishonchnomalarning haqiqiyligini onlayn rejimda tekshirish.
  • Vakolat.uz platformasidan bepul asosda foydalanish.

2026-yil 1-yanvardan Davlat xizmatlari yagona reyestri Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan “Davlat xizmatlari” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimida yuritiladi.

Bunda har bir davlat xizmati bo‘yicha uning raqamli pasporti shakllantiriladi hamda har bir davlat xizmatini reyestrga kiritish normativ-huquqiy hujjat asosida amalga oshiriladi.

1-iyuldan MyGov ilovasida ayrim hujjatlarning elektron shakllari joriy etildi. Ularni banklar, notarial idoralar, ichki avia hamda temir yo‘l qatnovlarida, shuningdek, davlat va korporativ xizmatlardan foydalanishda qog‘oz shaklining o‘rniga taqdim etish mumkin.

Avvalroq O‘zbekistonda notarial xizmatlarda pasportning aslini talab qilish bekor qilinishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, 2025−2027 yillarda bosqichma-bosqich 20 ta notarial harakat onlayn rasmiylashtirishga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.