O‘zbekistonda ishchilarning ish tashlash huquqi qonun bilan belgilab qo‘yilishi mumkin. Bu haqda 9-sentabr kuni Qonunchilik palatasi yig‘ilishida taʼkidlandi.
Quyi palata matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, deputatlar Senatning Fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunchilik taklifini ko‘rib chiqdi.
Ushbu loyiha ish tashlash huquqini qonuniy tartibga solishni nazarda tutadi. Milliy qonunchilikda “bo‘shliqni to‘ldirish” orqali loyiha fuqarolarning mehnat huquqlarini xalqaro standartlarga muvofiq to‘liq ta‘minlashi kutilmoqda.
Qonun loyihasi 9 ta moddadan iborat bo‘lib, u bilan 2 ta qonun, 4 ta kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, Mehnat kodeksiga ish tashlashning aniq ta‘rifi va tushunchalari, uni o‘tkazish tartib-taomillari, xodimlarga ish tashlash jarayonida beriladigan kafolatlar belgilanmoqda.
Shuningdek, ish tashlashning boshlanishini kechiktirish, to‘xtatib turish, tiklash va tugatish tartiblari hamda ish tashlashga oid cheklovlar aniqlashtirilmoqda.
“Qonun loyihasi milliy qonunchilikni xalqaro mehnat standartlariga to‘liq moslashtirish, ijtimoiy adolat, tenglik va demokratik boshqaruv prinsiplarini amalda mustahkamlashni nazarda tutadi”, deyiladi xabarda.
Majlisda qonunchilik taklifi bo‘yicha qaror loyihasi qabul qilindi.
Avvalroq ish vaqtidan tashqari ishning yillik cheklovini olib tashlash taklif etilayotgani hqida xabar berilgandi.