Tesla kompaniyasi Xitoyning mashhur Weibo ijtimoiy tarmog‘ida yangi TeslaAI rasmiy akkauntini ishga tushirib, Xitoyning tez o‘sib borayotgan odamsimon robotlar bozoriga kirish uchun birinchi qadamni qo‘ydi.

Tahlilchilar bu qadamni o‘zlarining Optimus robotlarini mamlakatda targ‘ib qilishga tayyorgarlik sifatida ko‘rishmoqda.

Xitoy bozorida Tesla ko‘plab kuchli raqobatchilar bilan yuzma-yuz kelishi kutilmoqda. Biroq, kompaniya jiddiy ustunlikka ega bo‘ladi — bu kuchli brend va sun’iy intellekt hamda avtonom texnologiyalar sohasidagi yaxshi obro‘sidir. Yangi hisob nafaqat robotlarni, balki avtopilot va superkompyuterlar sohasidagi yutuqlarni ham namoyish etadi.

Kompaniya Xitoy bozori tez o‘sayotgani uchun o‘z brendi, SI va avtonom texnologiyalar orqali kirishga intilmoqda.

12 mingdan ortiq obunachiga ega bo‘lgan hisobdagi dastlabki xabarlar Optimusga bag‘ishlangan. Ular orasida modelning oltin rangdagi tizeri va robotning popkorn tayyorlash jarayonini ko‘rsatuvchi video ham mavjud.

Bu Tesla kompaniyasining droidni nafaqat sanoat sohasida, balki kundalik turmushda ham potensial ko‘makchi sifatida taqdim etish niyatini ko‘rsatmoqda.

Bu qadam Ilon Maskning global strategiyasiga mos keladi. U yaqinda Tesla kompaniyasining kelajakdagi qiymatining 80%i aynan robotlarga to‘g‘ri kelishini ma’lum qilgan edi.

Kompaniya ushbu sohaga katta mablag‘ sarflashni rejalashtirmoqda. Maskka taklif etilgan $1 trlnlik mukofot paketi esa qisman keyingi o‘n yillikda bir million Optimus robotini ishlab chiqarishga bog‘liq bo‘ladi.


Avvalroq Spot Teslaning Optimus odamsimon roboti endi uy-ro‘zg‘or ishlarida yordam berishi mumkinligi haqida yozgandi.

Robot berilgan ko‘rsatmalarga binoan uy yumushlarini bajaradi, kiyim dazmollaydi, polni changyutgich bilan tozalaydi, ovqatni aralashtiradi, axlatni chiqaradi va stolni tozalaydi.