Zoom videoaloqa xizmati tez orada Rossiya hududida bloklanishi mumkin. TeleBoss onlayn-platformasi bosh direktori Ilya Mamutkin “Gazeta.Ru” nashriga bergan intervyusida shunday fikr bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, bunday vaziyat barcha xorijiy xizmatlarga ta’sir ko‘rsatadi — bozorda faqat Rossiya mahsulotlari qolguniga qadar.

“Bugungi kunda Rossiya videoaloqa xizmatlari bozori burilish nuqtasida turibdi: u nafaqat qolgan xorijiy platformalarni bloklash masalasini muhokama qilmoqda, balki bu jarayonga tayyorgarlik ham ko‘rmoqda. Bu nafaqat bir nechta yirik nosozliklar qayd etilgan Google Meet’ga, balki Zoom’ga ham taalluqli. Shubhasiz, davlatning asosiy vazifalaridan biri raqamli suverenitetni ta’minlashdan iborat”, — dedi Ilya Mamutkin.

Mamutkinning fikricha, bunday yondashuv samarali bo‘ladi. Zoom va Google Meet xizmatlarining ehtimoliy to‘sib qo‘yilishi foydalanuvchilarni Rossiya platformalaridan faol foydalanishga undaydi.

Biroq, bozorning bunday tez o‘zgarishlarga qay darajada tayyor ekanligini aytish qiyin. Axir, korporativ sektorda ko‘p yillar davomida aynan chet el xizmatlaridan foydalanib kelingan — shu bois deyarli butun infratuzilmani qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi.

Mamutkinning qayd etishicha, korporativ sektor, ta’lim va onlayn xizmatlar sohasi uchun bu jiddiy muammo bo‘lishi mumkin, chunki aynan shu xizmatlar uzoq vaqt davomida masofaviy yig‘ilishlar va muzokaralar uchun asosiy vosita bo‘lib kelgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, aslida, bu shunchaki texnik cheklov emas, balki millionlab xodimlar foydalanadigan odatiy masofaviy ish infratuzilmasini qayta ko‘rib chiqishdir.


Avvalroq Spot Zoom’da 1 mln ishtirokchi bilan vebinar o‘tkazish imkoniyati qo‘shilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, platformada 10 ming kishi uchun bitta vebinar narxi $9 mingni, 1 mln kishi uchun esa $100 mingni tashkil qiladi.