Ayrim nizosiz talablar bo‘yicha notariuslar tomonidan ijro xatlari yozish tartibi joriy etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarorida belgilab qo‘yildi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan BHMning 1 000 baravarigacha (412 mln so‘m) bo‘lgan bir qator nizosiz talablar bo‘yicha notariuslar tomonidan ijro xatlari yozish tartibi joriy etiladi. Jumladan:
- notarial tasdiqlangan bitimlarga asoslangan talab;
- yozma va notarial tasdiqlangan bitim mavjud bo‘lgan taqdirda, undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti bo‘lgan ko‘char mol-mulkka qaratish to‘g‘risida talab;
- ijara to‘lovlari, ko‘p kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlaridan majburiy badal va to‘lovlar, kommunal va aloqa xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida talablar.
Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan O‘zbekistonda notarius lavozimida bo‘lishning eng yuqori yosh chegarasi 65 yoshdan 70 yoshga oshiriladi.
Bunda Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra notarius o‘z roziligi bilan ish faoliyatini 70 yoshgacha amalga oshirishi mumkin.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan davlat notarial idorasi notariusini lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlov va xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini berish bo‘yicha malaka imtihoni o‘rniga axborot texnologiyalaridan foydalanib, 2 bosqichli yagona tanlov tartibi joriy etiladi.
Bunda, 1-bosqichda talabgorlar davlat va jamiyat boshqaruvi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqi sohalari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tadi.
2-bosqichda test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlar Oliy malaka komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan amaliy imtihonda notarial harakatlarning loyihalarini maxsus elektron platformada tayyorlaydi va muammoli masalaga (kazusga) javob beradi.
Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius kasbiy faoliyatini uzrli sabablarga ko‘ra bajara olmaganda, uning arizasiga asosan litsenziyasining amal qilish muddati to‘xtatib turiladi.
Shu bilan birga, notarius litsenziyasining amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatishdan tashqari ogohlantirish va jarima ko‘rinishidagi muqobil taʼsir choralarini qo‘llash mexanizmi joriy etiladi.
Bundan tashqari, notarial rasmiylashtirilgan barcha hujjatlar notariusning imzosi, muhri va/yoki QR kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlanadi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-dekabrdan respublikada notarial tasdiqlangan nikoh shartnomalari nusxasini “Notarius” axborot tizimi ga majburiy yuklash tartibini joriy etish orqali ularning aslini notariuslar tomonidan talab qilish bekor qilinadi.
Bunda notarial harakatlarni amalga oshirish jarayoni qayd etilgan audio va videoyozuvlar elektron qurilmalarda saqlanadi hamda ularni tizimda to‘g‘ridan-to‘g‘ri notarial harakatga biriktirish va saqlash imkoniyati yaratiladi.
2026-yil 1-yanvardan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun notariusga O‘zbekiston fuqarosining shaxsini tasdiqlovchi hujjatning aslini taqdim etish talabi bekor qilinadi.
Bunda fuqarolarning shaxsi ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari orqali axborot texnologiyalaridan foydalangan holda identifikatsiya qilinadi hamda biometrik maʼlumotlar (barmoq izi va Face-ID) orqali verifikatsiya qilinadi.
2026-yil 1-apreldan ko‘chmas mulk va undagi ulushlar bilan bog‘liq barcha bitimlar notarius tomonidan tizim orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuboriladi.
So‘ng, ko‘chmas mulk obyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda uning yangi mulkdori haqidagi maʼlumotlar kommunal xizmatlar tashkilotlarining elektron axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi va maʼlumotlar bazalarida yangilanadi.
Avvalroq O‘zbekistonda notarial xizmatlarda pasportning aslini talab qilish bekor qilinishi haqida xabar berilgandi. 2025−2027 yillarda bosqichma-bosqich 20 ta notarial harakat onlayn rasmiylashtirishga o‘tkaziladi.