Markaziy bank bank kartalarini ochish bo‘yicha cheklovlarga o‘zgartirish kiritishi mumkin. Bu haqda 11-sentabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida regulyator raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

U jurnalistlarning bank kartalarini yopish bo‘yicha onlayn imkoniyatlarni joriy etish rejalari haqidagi savoliga javob berib, bank kartalarini masofadan turib yopishda muammo yo‘qligini qayd etdi.

“Hozir aniq bu rejamizda bor yoki yo‘q deb ayta olmayman. Bu mavzuda alohida muloqot qilsak yaxshi bo‘lardi. Joriy yil boshidan [bank kartalarini ochish bo‘yicha] cheklovlar o‘rnatilgandi. Hozirda biz komplayns tizimini kuchaytirish hisobiga cheklovlarni o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqyapmiz. [Kartalarni masofaviy yopishda] muammo ko‘rmayapman”, — dedi Timur Ishmetov.

Markaziy bank tomonidan bitta jismoniy shaxsga beriladigan bank kartalari sonini cheklash bo‘yicha vaqtinchalik tartib 2025-yilning 1-yanvaridan kuchga kirgan bo‘lib, u joriy yilning 31-dekabrigacha amal qiladi. Bu bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida aholiga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirishga qaratilgan.

Bunda bitta fuqaroga beriladigan kartalar virtual va kobeyjing kartalarini hisobga olgan holda 20 donagacha cheklanadi. Ulardan 5 tasini bitta bankda ochish mumkin. Chet el valyutasida ochilgan bank kartalari bundan mustasno.

Bank kartasi ochishga cheklovlar

O‘tgan yilning noyabr oyi oxirida Markaziy bank bitta foydalanuvchiga rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini cheklashni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi.

2024-yilning dekabr holatiga ko‘ra, jismoniy shaxslarning qariyb 97%i da (22 mln nafar) 5 tagacha, 3%i da (770 ming) 5−20 gacha hamda 0,03%i da (7 ming) 20 tadan ortiq kartalar mavjud.

O‘rganishlarda 24 nafar shaxsga tegishli 715 ta kartadan moliyaviy piramida alomatlariga ega platformalarda pul o‘tkazmalari uchun foydalanilayotganligi aniqlangan: “Tradezone ai”, “Consulting Control Session” va “Scode Capital”.

Fevralga kelib, O‘zbekistondagi banklar mijozlarni mavjud kartalari haqida xabardor qilishni boshladi. Ulardan ayrimlari faqat kartalar soni haqida ma’lumot bersa, ayrimlari 16 xonali kartaning birinchi va oxirgi to‘rtta raqamini keltirgan holda, mijozlarga xabar jo‘natgan.

Shu bilan birga, banklar 12 oydan ortiq vaqt ichida faol bo‘lmagan bank kartalarini bloklashi mumkin. Markaziy bank fuqarolarga foydalanmayotgan bank kartalarini yopishni tavsiya qildi. Regulyator fuqarolarni nomidagi kartalar haqida xabardor qilish uchun banklar tomonidan SMS jo‘natilayotganini tasdiqladi.

Avvalroq Markaziy bankda Fintex ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, startaplar akseleratsiyasi, yangi g‘oyalar va investitsiyalarga sharoit yaratish uchun innovatsion xab tashkil qilinadi.