Buyuk Britaniyaning Hops Labour Solutions rekruting kompaniyasi mamlakatdagi 2026-yil mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari uchun arizalarni onlayn qabul qilishni e’lon qildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Xodimlarga soatiga 12,21 funt (taxminan $16,55) miqdorida haq to‘lanadi. Ish vaqti — haftasiga kamida 32 soat. Viza narxi 319 funtni ($430) tashkil etadi, aviachiptaning qiymati esa valyuta kursi va xarid vaqtiga qarab belgilanadi.

Tanlovda 18 yoshdan katta, rus tilini yaxshi biladigan, jismoniy sog‘lom va ruhiy holati yaxshi bo‘lgan fuqarolar qatnashishi mumkin. Ayollar arizalari alohida qo‘llab-quvvatlanadi.

Birinchi ro‘yxatdan o‘tish bosqichi joriy yilning 15-sentabr kuni soat 13:30 da boshlanib, 21-sentabr kuni soat 22:00 da yakunlanadi. Buning uchun nomzodning amaldagi xorijga chiqish pasporti va Gmail elektron pochtasi bo‘lishi kerak.

Ro‘yxatdan o‘tish havolasi Hops Labour Solutions rasmiy saytida hamda Migratsiya agentligi Telegram-kanalida e’lon qilinadi. Onlayn ro‘yxatdan o‘tish keyingi bosqichlarda ishtirok etishni kafolatlamaydi — bu faqat ishirokchining qiziqishini tasdiqlaydi.

Ikkinchi bosqich — onlayn-test 2025-yil 1−2 oktabr kunlari o‘tkaziladi. Kompaniya taxminan 5000 nomzodni testga taklif qiladi. Uchinchi bosqichda oflayn suhbat tashkil etilib, 1000 nafar nomzod Hops bosh ofisi vakillari bilan suhbatdan o‘tadi.

Ma’lum qilinishicha, onlayn-testdan so‘ng oflayn suhbatga taklifnoma olmaganlar ikkinchi bosqichdan o‘tolmagan hisoblanadi.

Agentlik Hops tanlov jarayonini to‘liq o‘zi amalga oshirishini va ishga joylashtirish mutlaqo bepul ekanini qayd etdi. Pul evaziga ish taklif qilayotgan shaxslar va firmalardan ehtiyot bo‘lish zarurligi ham ogohlantirildi. Agar nomzodlardan kimdir bunday xizmatlar uchun pul to‘lagani aniqlansa, u suhbatga taklif etilmaydi.


Avvalroq Spot xorijga ishga yuborishni noqonuniy reklama qilgan ikki bloger ishi sudga oshirilgani haqida yozgandi. Blogerlar Adworld Groupning fuqarolarga konsalting xizmatini emas, balki xorijga ishga yuborish bilan shug‘ullanishini reklama qilgan.