Markaziy bank boshqaruvi 11-sentabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, joriy yilning ikkinchi choragida shakllangan iqtisodiy faollik va isteʼmol talabi yuqori surʼatlarining narxlarga oshiruvchi taʼsirlari davom etdi. Shu bilan birga, o‘tgan yilgi baza taʼsirlari chiqib ketishi hisobiga avgust oyidan inflyatsiya pasaya boshladi.

Boshqaruv inflyatsion jarayonlarning sekinlashishi va bazaviy inflyatsiyani pasayuvchi trayektoriyasida davom etishini taʼminlash maqsadida asosiy stavkani o‘zgarishsiz — 14% darajasida saqlab qoldi.

Avgust oyida umumiy inflyatsiya iyulga nisbatan biroz pasayib, yillik hisobda 8,8% ni tashkil etdi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishining sekinlashishi hisobiga bazaviy inflyatsiya 7,6% gacha pasaydi.

Shu bilan birga, yalpi talabning yuqori darajada saqlanishi sharoitida energiya narxlari oshishining ikkilamchi taʼsirlari xizmatlar inflyatsiyasining yuqori shakllanishida namoyon bo‘lmoqda.

So‘nggi oylarda mavsumiy omillar hamda almashuv kursining barqarorlashuvi hisobiga aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalarida pasayish tendensiyasi kuzatilgan bo‘lsa-da, mazkur kutilmalar umumiy inflyatsiya darajasidan yuqori bo‘lib qolmoqda.

2025-yilning birinchi yarmida iqtisodiy o‘sish 7,2% gacha tezlashdi. Bunda, xizmatlar sohasining yuqori surʼatlari bilan birga sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida ham sezilarli o‘sish qayd etildi.

Transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining barqaror o‘sishi, iqtisodiyotda kreditlash surʼatlarining jadallashuvi, budjet xarajatlarining o‘sishi hamda investitsion faollikning yuqori bo‘lishi yalpi talabni faol rag‘batlantiruvchi omillardan bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, xalqaro savdodagi cheklovlar va o‘zaro aloqalarga kiritilgan o‘zgarishlar tufayli global inflyatsiyaning pasayishi kutilganidan sekin kechayotgani, jahonda oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshayotganligi hamda asosiy savdo hamkor davlatlardagi inflyatsiya darajasining target ko‘rsatkichlaridan yuqori shakllanganligi kelgusida import inflyatsiyasining kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, regulyator joriy yil yakunida inflyatsiya darajasi 8,7% atrofida shakllanishini prognoz qilmoqda.

Nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarining davom ettirilishi iqtisodiyotda jamg‘arish jozibadorligini saqlab qolib, kreditlash surʼatlarini maqbullashtirish va pul bozorida resurslar narxlarini mutanosib shakllantirish orqali yalpi talabni muvozanatlashtirishga xizmat qiladi hamda inflyatsiyaga monetar omillarning taʼsirini kamaytiradi.

Markaziy bank umumiy inflyatsiyani barqaror pasayish trayektoriyasiga o‘tishi maʼlum vaqt talab qilishini qayd etdi.

Narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi oylarda kutilganidan ko‘ra kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qatʼiyligi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Avvalroq O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari tarixda ilk bor $50 mlrddan oshgani haqida xabar berilgandi.